Uber kompaniyasi Xitoydagi biznesini, ushbu mamlakatdagi «xitoy Uber»i deb nomlanadigan bosh raqobatchisi — Didi Chuxing kompaniyasiga sotadi, deb xabar qilmoqda Bloomberg agentligi o‘z manbasiga tayangan holda. Shu bilan birga, Didi Chuxing va Uber rahbari ham mazkur birlashuvni tasdiqlagan.
Bitim shartlariga ko‘ra, Uber kompaniyasining xitoylik sarmoyadorlari, xususan, yirik Baidu internet qidiruv xizmati birlashgan kompaniyaning 20 foiziga egalik qiladi. Bundan tashqari, Xitoy kompaniyasi Uber rivojiga 1 mlrd dollar sarmoya kiritadi.
Qayd etilishicha, Uber allaqachon raqobatchisiga qarshi kurashda 2 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ni xarjlab bo‘lgan, biroq uning sarmoyadorlari Xitoydagi biznesini sotib yuborishni talab qilishgan. Shunday qilib, mazkur birlashuv amalga oshsa, Uber Xitoydagi faoliyatini to‘xtatadi. Didi Chuxing kompaniyasining tannarxi 35 mlrd dollarga yetadi.
Avvalroq, Apple kompaniyasi Xitoyning Didi Chuxing kompaniyasiga 1 mlrd dollar sarmoya kiritgani xabar qilingan edi. Umuman, iyun oyida Xitoy kompaniyasi 7 mlrd dollar sarmoya jalb eta olgan.