Tayvan rahbari orolning tubjoy aholisidan 4 asrlik istibdod uchun uzr so‘radi

Jahon 17:33 / 01.08.2016 4061

Tayvan ma'muriyati rahbari Tsay Inven orolning tubjoy aholisidan yuz yillar davomida yetkazilgan jabr-sitamlar uchun birinchi marta uzr so‘radi. U shunday yo‘l tutgan ilk davlat rahbariga aylandi. Bu haqda Frans Press axborot agentligi xabar berdi.

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, Tayvanda ayni vaqtda tubjoy aholi umumiy aholining (23,5 mln kishi) 2 foizini tashkil qiladi. Bir necha yuz yil avval mamlakatga xitoyliklar kelgan va mahalliy madaniyat yo‘q qilingan. Ularga tegishli bo‘lgan yerning asosiy qismi hozirda milliy parklarga aylangan. 

Ma'lum qilinishicha, bu toifa aholining 40 foizining maoshi o‘rtacha ish haqidan kam miqdorda maosh oladi. Shuningdek, ular orasida ishsizlik darajasi yuqori.

"Men hukumat nomidan keyingi 400 yil davomida adolatsizlikdan jabr chekib kelgan tubjoy aholi vakillaridan uzr so‘rayman.

Biz tarixga haqiqat ko‘zi bilan boqishimiz zarur", degan prezident.

Yanvar oyidagi saylovlardan keyin Demokratik taraqqiyot partiya yetakchisi Tsay Inven Xitoy tilida so‘zlashuvchi hududdagi davlat rahbarlari orasida ilk ayol bo‘lgandi.

Bungacha lavozimni Gomindan partiyasi yetakchisi Ma Intszyu sakkiz yil davomida egallab kelgan edi, u Tayvan va qit'a Xitoyining yaqinlashuvi siyosati tarafdori edi.

Agentlik xabariga ko‘ra, biroz oldinroq tubjoy aholi vakillarining yuzdan ortig‘i ov qilish huquqi berilishini so‘rab namoyish o‘tkazgandi.

Ko‘proq yangiliklar: