Avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Delphi kompaniyasi Singapur ko‘chalarida haydovchisiz taksi xizmatini joriy qilishni ko‘zda tutuvchi ilk loyihasini amalga oshiradi. Dastur, Singapur yer transporti departamenti ko‘magida ishga tushiriladi.
Loyihada Delphi tomonidan tayyorlangan 5ta Audi Q5 krossoveri qatnashadi. Ularning barchasi muqobil boshqaruv tizimi bilan jihozlangan. Avtomobillar avvaldan belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanadi. Bunda, kutilmagan vaziyat yuzaga kelgudek bo‘lsa, boshqaruvga aralashishi uchun haydovchi ham bo‘ladi.
Bundan tashqari, muqobil mashinalarning Singapurda harakatlanishi uchun dasturni ishlab chiqarish majburiyatini ham Delphi kompaniyasi ado etadi.
Delphi vitse-prezidenti Glen DeVoning Bloomberg agentligiga ma'lum qilishicha, 2018 yilga kelib, Delphi ushbu dasturni haydovchilar ishtirokisiz sinovdan o‘tkazadi. DeVoning qo‘shimcha qilishicha, butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchisi AQSh va Yevropada ham shu kabi loyihalarni ishga tushiradi.
2015-yili Delphi avtomobillari AQShning u sohilidan bu sohiliga muqobil boshqaruv yordamida yetib kelgan edi.
Haydovchisiz yuradigan mashinalar Ottomatika, Nvidia va Mobileye NV kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgandi.