Yaponiyaliklar 9 ballik zilzila haqidagi xabardan keyin o‘limni bo‘yinlariga oldilar. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar bermoqda.
Yaponiya meteorologik agentligi Tokio hududida 9 magnitudali kuchli zilzila yuz berishi haqida ma'lum qilgan. Xabar 1 avgustda soat 17.00 larda tarqatilgan.
Biroq bundan bir zum o‘tmay meteorologlar bergan ma'lumotlarini inkor qilishgan. Biroq shu sanoqli onlar Tokio aholisiga hayot bilan vidolashish va sarosimaga tushishlariga yetarli bo‘lgan.
Zilzila haqidagi xabar noto‘g‘ri bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, bu xato zilzilani qayd qiluvchi seysmografga chaqmoq tushgani sababli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari zilzila haqida xabar kelganidan keyin o‘lishga tayyorlanganlarini ma'lum qilishgan.
Yaponiyada zilzila tez-tez uchrab turadigan hodisa. 19 iyulda Yaponiyada 5,2 magnitudali zilzila yuz bergandi.