Oramizda shunday insonlar ham borki ular davlat mulkiga ko‘z olaytirib, nafs domiga ilingandirlar. Shundaylardan biri bu xitoylik Tang Yuandir. U 2012 yildan buyon shaharlararo yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tgan “Gorizont ...” MChJda menejyer bo‘lib ishlab kelayotgandi.
Kunlarning birida Tang Yuan noqonuniy daromad topish, cho‘ntagini qappaytirish maqsadida jamiyatda muhandis bo‘lib ishlaydigan hamkasbi Botirali Abduhamidov (ayrim ism-shariflar o‘zgartirilgan) va boshqalar bilan, o‘zining Angren-Pop yo‘nalishida joylashgan Chodak qishlog‘ida temir yo‘l qurilishi loyihasi asosida ishlar bajarayotgan “CHINA RAILWAY...” kompaniyasida ishlaydigan tanishlariga 22.730 litr dizel yoqilg‘isini 70.500.000 so‘m naqd pul evaziga yetkazib berish uchun jinoiy til biriktirdi.
U avval puxtagina reja tuzdi. Rejaga ko‘ra 4 may kuni Botirali 70.500.000 so‘m muomalasini takomillashtirish naqd pullarni olib, bu pullardan 68.190.000 so‘miga prezidentimizning 2005 yildagi “Naqd pul muomalasini takomillashtirish va bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, Vazirlar Mahkamasining 2002 yildagi “Pul mablag‘larini bankdan tashqari muomalasini yanada qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari talablariga zid ravishda Sayfiddin Azimberdiyev orqali tergov davrida shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan “Ahror” ismli shaxsdan 22.730 litr dizel yonilg‘isini naqd pulga xarid qilib olishdi. Keyin “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining 1 litr dizel yonilg‘isining narxi 2.200 so‘mdan bo‘lgan jami qiymati 50.006.000 so‘mlik dizel yonilg‘i mahsulotlarini trasportirovka ishlari bo‘yicha vedomostini qalbakilashtirdi. Soxta hujjat bilan Oliy Majlisning 2011 yildagi “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qaroriga zid ravishda litsenziya olinishi shart bo‘lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnomasiz Javlonbek Nurmuhammedov boshqaruvidagi “VOLVO” rusumli yonilg‘i-moylash mahsulotlarini tashishga mo‘ljallangan avtomashinada “CHINA RAILWAY...” kompaniyasi tomonidan qurilish ishlari olib borilayotgan Chodak qishlog‘iga olib borib topshirdi.
Buning uchun Tang Yuandan olingan mablag‘lar hisobidan haydovchi Javlonbekka 2.200.000 so‘m ish haqi berildi.
Javlonbek Chodak qishlog‘ida dizel yonilg‘isini topshirib qaytayotganida Chodak 1-portal “Shlagbaum” YPX maskanida avtomashinasini to‘xtatishdi va kabinasini ko‘zdan kechirishdi. Avtomashina kabinasida “Gorizant...”MChJga tegishli bo‘lgan, soxtalashtirilgan, jamiyat muhri va shtampi bosilgan bir necha hujjatlar olinib, avtomashina jarima maydoniga joylashtirildi.
Sud majlisida Tang Yuan sudga ariza bilan murojaat qilib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2015 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarori 1-bandining kichik “g” bandi va 5-bandini qo‘llab, unga nisbatan jinoyat ishini tugatishni so‘radi.
Sud ushbu jinoyat ishi hujjatlarini atroflicha muhokama qilib, tuman prokurori yordamchisining sudlanuvchi Tang Yuanga nisbatan amnistiya qo‘llab, jinoyat ishini tugatish haqidagi xulosasi va fikrlarini tinglab, Tang Yuan sodir etgan jinoyat uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirishini e'tiborga oldi.
Tang Yuanni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yildagi qarorida belgilangan tartibda mamlakatdan chiqarib yuborishni lozim deb topdi. Manfaatdor tomonlarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararlarni undirish masalasi bo‘yicha Tang Yuanning yashash joyidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi.
Shunday qilib mo‘maygina daromad ishlayman deb o‘ylagan xitoylik janob o‘z yurtiga boshini egib qaytadigan bo‘ldi. Uning jinoiy sheriklari ham o‘zlariga tegishli jazolarini olishdi.
Xonbibi HIMMAT qizi, jurnalist