Eramizdan avvalgi 356 yilda Gretsiyaning Efes (hozirgi Turkiya hududlarida) shahrida Gerostrat degan odam o‘z nomini tarixda qoldirmoq maqsadida o‘sha vaqtdagi dunyoning yetti mo‘'jizasidan uchinchisi bo‘lmish ma'buda Artemida ibodatxonasiga o‘t qo‘yadi. Tarixchilarning yozishicha, u so‘roq vaqtida avlodlar o‘z nomini eslashlari uchun bu ishni qilganini tan oladi.
Gerostrat yoshlik chog‘idanoq shuhrat qozonishni xohlardi. U bu orzusiga asta-sekinlik bilan emas, balki bir zumda yetishishni istab qoldi. Shahar ahli Gerostratni o‘limga mahkum qilishadi va bu nomni aslo tilga olmaslikka qaror qilishadi. Ammo qadimiy yunon tarixchisi Feopomp Gerostratning yovuzligi haqida yozib qoldirgani uchun bu nom qabihlik, shuhratparastlik, sharmandalik namunasi sifatida tilga olinadi. Bugungi kunda insoniyat yaratgan bunyodkorliklarni vayron qilish bilan shug‘ullanayotganlarni ham bemalol Gerostrat avlodlari deb atash mumkin. Chunki Gerostrat tarixdagi birinchi va shu bilan birga, oxirgi Gerostrat emasligi aniq.
Mosul – Iroqning madaniy jihatdan eng boy, diniy jihatdan eng rang-barang shaharlaridan. Ammo avvaliga o‘zini “Iroq va Shom Islom Davlati”, keyinroq esa “Islom davlati” deb atagan terror tashkiloti Mosulni o‘z poytaxti deb e'lon qilganidan beri, u yerdagi bebaho madaniy meros jiddiy xavf ostida qoldi. Jangarilar Mosuldagi markaziy kutubxonani portlatib yubordi va o‘t qo‘ydi. Jahondagi eng qadimiy deb aytilayotgan kutubxona hovlisida kitob va qo‘lyozmalarni yoqib, gulxan yasashdi. Umumiy hisobda madaniyat, falsafa va tarixga oid 10 ming tom kitob yo‘q qilindi. Ular orasida yuzlab manuskriptlar bor edi. Jangarilar Mosul muzeyidagi durdonalar – minglab yillar davomida ko‘zni quvontirib turgan bebaho san'at asarlarini bir necha daqiqa ichida yer bilan yakson qildi. Jahon telekanallarida jangarilar Mosul muzeyidagi haykallarni buzayotgani tasvirlanadi. Mutaxassilarning fikricha, bularni ko‘rgandan keyin tushkunlikka tushmay bo‘lmaydi. Chunki buzib tashlangan haykallardan biri 2500 yoshda edi.
Terrorchilar Mosuldan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan qadimiy ossuriyaliklarning Nimrud shahrini yer bilan yakson qilishdi. Terrorchilar Yunus payg‘ambarning qabri va masjidini ham buzib tashlashdi. Buning uchun jangarilar buldozerlardan foydalanishdi.
Olimlarning so‘zlariga qaraganda, insoniyatning bebaho madaniy boyligi bo‘lmish qadimiy qal'a va ibodatxonalarning qoldiqlari abadul-abad yo‘qotildi. Nimrud Ossuriylar davrining durdonasi hisoblanadi va Frot hamda Dajla daryolarining o‘rtasida uch ming yil oldin vujudga kelgan. Eramizdan avvalgi uchinchi asrdan beri mashhur bo‘lgan va Parfiya imperiyasi tarkibiga kirgan Xatra shahri ham yer yuzidan supurib tashlandi. Ungacha jangarilar Sargon Ikkinchi saroyi bilan mashhur bo‘lmish qadimiy Dur-Sharrukin shahrini yer bilan tekislab tashlagan edi. Qadimiy Dur-Sharrukin vayronalarida 19-asrda fransuz arxeologlari tomonidan boshlangan qazishma ishlari assiriologiya faniga asos solgan edi. Ashshur va Samara arxeologik shaharlari ham YuNeSKOning jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Ular Iroqdagi muhim obektlardir.
1989 yilda Nimrud shahri yaqinidagi shohlar qabristonida olib borilgan qazishma ishlari vaqtida 300 dan ortiq tilla zargarlik buyumlari topilgan edi. Ayrim buyumlar eramizdan avvalgi X asrga taalluqli ekani aniqlandi. Endilikda bu topilmalarning hammasi ekstremistlar qo‘liga tushib qoldi.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ID tomonidan Iroqdagi qadimiy shaharlarni vayron etilayotgani keskin qoralab chiqildi. Uning aytishicha, bu kabi xatti-harakatlarni harbiy jinoyat sifatida qabul qilish kerak. Chunki bu hujumlar butun insoniyatga qarshi qaratilgandir. YuNeSKO Bosh direktori Irina Bokova terrorchilar tomonidan insoniyatning qadimiy merosi yo‘q qilinishini “dahshatli madaniy tozalash strategiyasi” deb atadi.
YuNeSKO rahbari Irina Bokova mintaqadagi siyosiy va diniy rahbarlarga, BMT Xavfsizlik Kengashiga, Xalqaro Jinoiy sudga murojaat qilib, terrorchilarning bu kabi xatti-harakatlariga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi. U Xalqaro Jinoiy sud bu kabi xatti-harakatlarni harbiy jinoyat sifatida baholanishini talab qilmoqda. Shuningdnek, Irina Bokova madaniy-tarixiy merosni asrab qolish masalalarini muhokama qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashi favqulodda majlis o‘tkazishi lozimligini eslatib o‘tdi. Mintaqada mingdan ortiq tarixiy yodgorliklar borligini ta'kidlagan Irina Bokova YuNeSKOning jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xatraning vayron etilishi o‘zini tashvishga solganini aytdi.
BMT qoshidagi Jahon Sayyohlik tashkilotining Bosh kotibi (UNWTO) Taleb Rifai jangarilar tomonidan muntazam ravishda Suriya va Iroqdagi qadimiy yodgorliklar buzib tashlanayotganidan tashvishga tushayotganini bildirib, Jahon Sayyohlik Tashkiloti YuNeSKO rahbariyati tomonidan Insoniyatning Madaniy merosini saqlab qolish yo‘lida jiddiy chora-tadbir ko‘rish bo‘yicha chaqiriqlariga qo‘shilishini bildirdi.
IDning kontrabanda yo‘li bilan topayotgan mablag‘lari terror faoliyatining kengayishiga sabab bo‘lmoqda. Iroqning BMTdagi doimiy vakili Muhammad Ali al-Hakim bu hodisalarni insoniyat uchun fojia ekanini qayd qildi. Uning aytishicha, ID insoniyatni o‘rta asrlarga qaytarishga urinmoqda. “Men IDni qo‘llab-quvvatlayotganlarga - ular mamlakat bo‘ladimi yoki tashkilot bo‘ladimi - murojjat qilib aytamanki, ko‘rib qo‘ying: ular Mosul, Nimrudda nimalar qilishdi. Bu qadimiy shaharlar 3 ming yildan ortiq turgan edi. Terrorchilar bu shaharlarni yo‘q qilishdi”, dedi iroqlik diplomat.
Iroq hukumati qadimiy obidalarning vayron etilishiga qisman G‘arb mamlakatlarini ayblab chiqdi. Iroq turizm vaziri Odil Fahd ash-Sharshab xalqaro koalitsiyaga murojaat qilib, mas'uliyatni qisman o‘z zimmalariga olishlarini so‘radi. Uning fikricha, koalitsiya kuchlarining ID terrorchilariga qarshi yetarlicha kurash olib bormayotgani natijasida terrorchilar haddan oshib bormoqda va ko‘pdan ko‘p jinoyatlarni sodir etmoqda.
Iroqdagi arxeologik yodgorliklarni nafaqat terrorchilar, balki qurolli mojaroda ishtirok etayotgan boshqa ishtirokchilar ham vayron qilmoqda. Bu haqda amerikalik sobiq diplomat Piter van Byuren ma'lum qildi. «Reyter» axborot agentligi uchun maqola yozgan van Byuren Iroqdagi tarixiy yodgorliklar buzilayotganini ta'kidlab o‘tadi. Uning qayd qilishicha, Amerika harbiylari 2003 yilda Iroqqa bostirib kirgan chog‘ida Bobil vayronalaridan vertolyot maydonchasi sifatida foydalangan. Piyodachilar esa qadimiy g‘isht va kulolchilik idishlaridan himoya devori yaratishgan. Piter van Byuren kelajakda ID jangarilari qadimiy yodgorliklarni vayron etishda davom etishini ta'kidlaydi.
Olimlar Iroqdagi qadimiy obidalarning saqlanib qolishiga umidsizlik bilan qarashmoqda. Fuqorolar urushi davrida Iroq muzeylari talon-taroj qilinishi munosabati bilan muzey xodimlari asliyatni nusxa bilan almashtirib qo‘yishga majbur bo‘lgan edi. “ID terrorchilari yo‘q qilgan yodgorliklar, ishqilib nusxa bo‘lsin-da”, degan qarashlar ham aytilmoqda.
Fransiya prezidenti Fransua Olland ID jangarilarining tarixiy obektlarni yo‘q qilayotganini qoralab chiqdi. “Ular odamlarga, tarixga, xotiraga, madaniyatga zarba bermoqda. Terrorchilar insoniyatning barcha boyliklarini yo‘q qilmoqda”, dedi Fransua Olland.
Shu o‘rinda Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida Toliblar tomonidan qadimiy ulkan Budda haykallarining vayron etilganiga 15 yil bo‘lganini eslatib o‘tamiz. Tog‘ bag‘riga eramizning 3-7 asrlarida o‘yib ishlangan haykallar portlovchi moddalar yordamida 2001 yil portlatilgandi. Tolibonga ko‘ra, bu haykallar kufr nishonasi bo‘lgan. Ular budda haykallarini vayron qilishga 25 kun sarflashgan. Haykallar buzilgandan so‘ng toliblar vayronalar o‘rnida o‘ndan ortiq sigirlarni olib kelib so‘yishgan va go‘shtini odamlarga tarqatishgan.
Malidagi vaziyat ham kishini tashvishlantiradi. Jangarilar Timbuktu shahridagi noyob arxivga o‘t qo‘ydi. Bu yerdagi ikkita binoda - qadimiy omborxona va yangi Tadqiqot Markazida 12-13-asrlarda yaratilgan biologiya, astronomiya, tarix, matematika, musiqa va boshqa fanlarga oid yuz mingdan ortiq qo‘lyozmalar, manuskriptlar saqlanardi. Manuskriptlar nafaqat Mali, balki jahon merosi edi. Terrorchilar shaharning madaniy qadriyatlarini, jumladan, qadimiy Jinguyereber masjidi va so‘fiylarning qadamjolari hamda maqbaralarini taxqirlashdi, buzib tashlashdi. Kuvaytlik ulomolardan biri Ibrohim al Kendariy qadimiy Misr ehromlari va Sfinks haykalini buzib tashlash fikrini ilgari surdi. Terrorchilarning ko‘r-ko‘rona xatti-harakatlari oqibatida insoniyat o‘zining tarixiy va ma'naviy boyligidan mahrum bo‘lmoqda. Musulmon mamlakatlarida istiqomat qiluvchi aholi terrorchilarning bu ishlari muqaddas islom diniga mos kelmasligini anglab yetgan. Biroq, nomusulmon xalqlar esa, bu kabi ishlarni ko‘rib, “islom dini buzish, vayronagarchilik keltirish, begunoh odamlarni o‘ldirish ekan-da”, degan fikrga kelishi aniq. Bunda “Islom Davlati” degan nom katta rol o‘ynayotgani aniq. Shu sababli bu tashkilotni “Iblis Davlati” deb atash kerak, degan takliflar ham o‘rtaga tashlanmoqda.
Tarixiy obidalarni yo‘q qilish xalqning o‘tmishidan judo qilishni anglatadi. Madaniyat o‘zini yangilay olmaydi. Yo‘q qilinsa, qayta tiklanmaydi. Iroq, Suriya, Afg‘oniston, Malidagi qadimiy san'at asarlari endi yo‘q va hech qachon qaytmaydi. Bu jinoyatni siyosiy va diniy jihatdan ham aslo oqlab bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda buyuk shoirimizning “Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek Diana ma'budin yoqmoq shart emas. Ko‘plarning baxtiga o‘zlikni jamlab shu ulug‘ binoga bir g‘isht qo‘ysak bas”, degan satrlarni eslatib o‘tish o‘rinli, deb o‘ylaymiz.
Sharofiddin To‘laganov