“JV Man Auto Uzbekistan” qo‘shma korxonasining Samarqanddagi servis va dillerlik markazida og‘ir yuk ko‘taruvchi “MAN” transport vositalari uchun kabinalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda bir necha turdagi yengil mashina va avtobuslar, yuk tashuvchi avtrotransport vositalari va tirkamalar ishlab chiqarilmoqda, ichki bozordan tashqari xorijga eksport qilinmoqda.
2009 yilda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi hamda Germaniyaning dunyoga mashhur “Man Truck&Bus Group” kompaniyasi hamkorligida “JV Man Auto Uzbekistan” qo‘shma korxonasi tashkil etilishi bilan yurtimizda og‘ir yuk ko‘taradigan “MAN” avtomobillarini ishlab chiqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda mazkur korxonada to‘liq vazni 16 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari va maxsus transport vositalari ishlab chiqarilmoqda.
– Davlatimiz rahbari qarorida belgilab berilgan imtiyoz va keng imkoniyatlardan foydalanib, “Man Truck&Bus AG” sa'y-harakatlari bilan korxonamizda tayyorlanayotgan “MAN” og‘ir yuk ko‘taruvchi transport vositalari uchun yiliga 3 ming dona kabina ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha loyihani amalga oshirdik, – deydi “JV Man Auto Uzbekistan” qo‘shma korxonasi yangi loyihalar va mahalliylashtirish departamenti direktori Oybek Ayubov. – Buning uchun zavodimizga Germaniya, Italiya va boshqa davlatlardan yangi, zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. Xodimlarimiz xorijda bilim va malaka oshirib qaytdi.
Kabina ishlab chiqarish jarayoni payvandlash, bo‘yash va yig‘ish siklida amalga oshiriladi. Kabinaning metall panellari Xitoydagi “SINOTRUK IMPORT&EXPORT CO LTD” kompaniyasi tomonidan yetkazib beriladi va korxonada payvandlanadi. So‘ngra Samarqand avtomobil zavodi bo‘yash sexi bazasida yemirilishga qarshi qatlam surilib, bo‘yaladi. Bo‘yalgan kabinalar “JV Man Auto Uzbekistan” qo‘shma korxonasiga keltirilib, ichki va tashqi jihozlarini o‘rnatish kabi so‘nggi yig‘uv ishlari bajariladi.
Mazkur loyihani amalga oshirish bilan korxonada 50 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Bu ish joylarida asosan avtomobilsozlik yo‘nalishidagi kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlar mehnat qilmoqda.
Kabinalarni seriyali ishlab chiqarishga joriy yilning sentabr oyidan kirishiladi.