Turkiya qurolli kuchlari davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin qo‘lga olingan harbiylar soni 8,7 ming nafarni tashkil qilayotgani, bu esa mamlakat armiyasining 1,5 foizi ekanini ma'lum qildi. Bu haqda NTV telekanalida xabar qilingan.
Turkiya Qurolli kuchlari ma'lumotiga ko‘ra, davlat to‘ntarishiga urinishda jami 8651 nafar harbiy ishtirok etgan, ular AQShda istiqomat qiluvchi Fathulloh Gulenga aloqador hisoblanadi.
Isyonchilar 3ta kema, 74ta tank, 246ta BTR, 3992ta o‘qotar quroldan foydalanishgan. Shuningdek, o‘sha kuni isyonchilar qo‘lida 35ta harbiy samolyot va 37ta vertolyot bo‘lgan.
Ma'lumot uchun, Turkiya armiyasi askarlar soni bo‘yicha NATOda AQShdan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi.
15 iyul oqshomida Turkiyaning Istanbul va Anqara shaharlariga tanklar olib kirilib, davlat to‘ntarishi amalga oshirilgani e'lon qilindi. 16 iyul tongida isyon bostirildi.
Tartibsizliklar vaqtida tinch aholi vakillaridan 246 kishi halok bo‘lgan va 2 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Isyonchilarning yo‘qotishlari hisobi qilinmagan.
Turkiya hukumati isyon tashkilotchiligida Fathulloh Gulenni ayblamoqda va AQShdan uning ekstraditsiya qilinishini talab etmoqda. Gulen esa bu harakatga aloqador emasligini ta'kidlamoqda.