25 iyul kuni Ruslan Chagayevni superog‘ir vazn toifasining WBA (Regular) chempionlik kamaridan mahrum qilgan Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) uni reytingidan ham chiqardi.
Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) Chagayev va uning jamoasini Fres Okendoga qarshi o‘tkaziladigan majburiy himoya jangi bo‘yicha muzokara o‘tkazmagani va tashkilot so‘rovlariga javob bermagani uchun jazoladi.
WBA bir necha marotaba Chagayevning jamoasiga rasmiy maktub yo‘llab, Okendo bilan muzokaralar jarayonini boshlashni so‘ragan, ammo javob olmagan. Puerto-rikolik da'vogar bilan himoya jangi o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar uchun Chagayevga 120 kun muhlat berilgandi.
2014 yilning iyulida Chagayev Okendo ustidan g‘alaba qozongan, ammo puerto-rikolik sportchining jamoasi jang shartnomasining buzilishini ro‘kach qilib, revansh uchrashuvining o‘tkazilishiga erishgandi.
Ruslan Chagayev Lukas Braun bilan chempionlik jangini 5 mart kuni Grozniy shahrida o‘tkazgandi. Unda o‘zbekistonlik bokschi raqibiga 10-raundda texnik nokaut bilan mag‘lub bo‘lgandi.
May oyida avstraliyalik 37 yoshli Lukas Braunning doping uchun topshirgan takroriy test namunalarida taqiqlangan klenbuterol moddasi borligi aniqlandi va u chempionlik kamaridan mahrum etilib, uning kamari Chagayevga qaytarildi.