14 iyul kuni Fransiyaning Nitstsa shahridagi terakt sodir bo‘lgan vaqtda qahramonlik ko‘rsatib, yuk mashinasini to‘xtatib qolishga uringan Frank ismli kishiga yangi mototsikl uchun mablag‘ yig‘ildi. Bu haqda France Info radiosi orqali xabar berilgan.
«Qahramon uchun mototsikl» aksiyasi Mansh departamenti fuqarolari tomonidan internet orqali boshlangan. Ular bu aksiya maqsadini shunday tushuntirishgan: Birinchidan, qahramonni rag‘batlantirish kerak. Ikkinchidan, sug‘urta kompaniyasi o‘sha vaqtda g‘ildiraklar ostiga kirib ketgan mototsikl uchun to‘lov bermaydi, chunki, mototsiklchi o‘z transportini ongli ravishda g‘ildiraklar ostiga tashlagan.
Avvaliga kerakli 9 ming yevro to‘plash maqsad qilingandi, lekin hozirda 21 ming yevrodan ortiq mablag‘ to‘plangan va bu miqdor o‘sishda davom etmoqda. Xayriya mablag‘ining keragidan ortiq qismi o‘nlab jarohatlanganlar yotgan kasalxonalarga topshiriladi.
Frank Nitstsa aeroporti bojxona xizmatida ishlaydi. U 14 iyul kuni kechqurun rafiqasi bilan birga bayram salyutini tomosha qilayotgan edi. Shu vaqtda u qirg‘oqqa og‘ir yuk mashinasi bostirib kelayotgani va undagi terrorchi odamlarni ataylab bosib keta boshlaganini ko‘radi hamda mototsikliga sakrab chiqib, yuk mashinasiga yetib oladi. U mashina yonida harakatlanadi, u terrorchini to‘xtatishga urinib, unga zarba beradi. Terrorchi unga o‘q uzmoqchi bo‘lganida mototsiklini mashina g‘ildiraklari ostiga tashlaydi, biroq bu befoyda bo‘ladi.
Avvaliga uning halok bo‘lgani aytilgandi, ammo keyingi kuni uning omon qolgani ma'lum bo‘ldi.
Frank ko‘rsatgan qahramonligi uchun Nitstsa shahri hokimiyati tomonidan medal bilan taqdirlandi. Endi unga bosh milliy mukofot - Faxriy legion ordenini talab etishmoqda.