Chak Norris Klinton g‘olib bo‘ladigan bo‘lsa, AQShning tanazzulga uchrashini aytmoqda

Jahon 21:38 / 27.07.2016 11906

Amerikalik mashhur aktyor Chak Norris AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Xillari Klintonning AQSh prezidenti etib saylanishi mamlakatni barbod qilishini aytmoqda. Aktyor o‘zining saylovoldi poygasi haqidagi fikrini WND portaliga bergan maqolasida bayon qildi.

Demokratlarga qarshi chiqishi bilan ma'lum bo‘lgan aktyor respublikachi Donald Tramp nomzodini qo‘llab-quvvatlamoqda va uning partiyadoshlarini birdamlikka chaqirmoqda. "Agar respublikachilar birdam bo‘lmasalar, biz prezidentlik saylovlarini aniq yutqazamiz va senatda ko‘p kongressmenlarimiz va o‘rinlarimizni yo‘qotamiz", deb aytmoqda aktyor.

"Demokratlar prezidentlikdagi kabi Kongressda ham uzoq vaqt ustunlik qiladi va bu qancha davom etishi faqat Tangrigagina ma'lum. Va eng achinarlisi, Oliy sud Xillarining odamlari tomonidan egallanadi va keyingi o‘n yillar davomida ularning qarorlari respublikamizdan qolgan narsani ham barbod qiladi yoki yo‘q qiladi", deb yozmoqda aktyor. 

Aktyorning prognozicha, Tramp prezidentlik lavozimida ehtiyojmand odamlarga yordam bera oladi. Shuning uchun aktyor respublikachilarga mustaqil nomzodlar va Demokratlar partiyasiga ishonchni yo‘qotganlar qo‘shilishini istamoqda. 

CNN va ORC International so‘rovnomalari natijalariga ko‘ra, 18-21 iyulda o‘tgan respublikachilar qurultoyidan keyin Tramp Klintondan ommaviylik bo‘yicha 3 foizga o‘tib ketdi. Olingan ma'lumotlardan Tramp tomonga biror bir partiyaga ro‘yxushlik qilmaydigan ko‘proq saylovchilar o‘tganini ko‘rish mumkin.

Chak Norris anchadan beri o‘ng kuchlar tarafdori hisoblanadi. Xususan, u Texas aholisining shtat hududida mustaqil davlat tuzishga intilishlarini ko‘p marotaba qo‘llab-quvvatlab kelgan va ko‘plab demokratchi siyosatchilarni, jumladan AQSh prezidenti Barak Obamani tanqid qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: