Smart avtomobillari kurerlardan jo‘natmalar qabul qila boshlaydi

Fan-texnika 17:32 / 26.07.2016 4070

Joriy yilning sentabr oyida Smart avtomobili egalari o‘z mashinalari yukxonasida DHL xizmati tomonidan yetkazib berilgan posilkalarni qabul qila boshlaydi. Ikki kompaniya o‘rtasidagi qo‘shma sinov loyiha avvaliga Shtutgartda yo‘lga qo‘yiladi, bir necha oy o‘tgach, Bonn, Berlin va Kelnda sinovdan o‘tkaziladi.

Sinov loyihada ishtirok etish uchun har bir shahardan yuzta ishtirokchi tanlab olinadi (arizani maxsus saytda qoldirish mumkin). Shundan so‘ng avtomobilga «Connectivity Box» nomli maxsus qurilmani bepul o‘rnatish mumkin. Bu esa yetkazib berish xizmatining ishlashi uchun kerak bo‘ladi.

Sentyabrdan so‘ng sotib olingan yangi «Smart» mashinalarida esa qurilma standart uskunalar tarkibida bo‘ladi.

Posilka qabul qiluvchilar raqamli kalit yaratuvchi mobil dastur yuklab olishi kerak bo‘ladi. Uning yordamida ma'lum bir vaqt ichida DHL kureri yukxonani faqat bir marotaba ochish imkoniga ega bo‘ladi. Bu holatda buyurtmachining mobil qurilmasiga avtomobil ochilib, yopilgani to‘g‘risida push-xabar keladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Volvo kompaniyasi internetda sotib olingan xaridlarni mashina yukxonasiga yetkazib berish xizmatidan foydalanishni boshlagan edi. Hozirda Smart kabi ishlovchi bu xizmatdan faqatgina Stokgolm, Geteborg va Malmyoda foydalanish mumkin. Yetkazib berish PostNord logistika xizmati orqali amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: