Amerikaning Atlantic Council tahliliy markazi ekspertlari o‘zlarining yangi tadqiqotlarida, Rossiya qurolli kuchlari Polshani bir kechada egallab olishi mumkin, degan fikrni ilgari surmoqda, deb yozadi Bild nashri.
Ularning fikricha, shunday ekan, NATO Rossiyaga qarshi turishga va zarurat paydo bo‘lganda jiddiy javob zarbasi berishga shay turishi kerak.
«Rasmiy Moskva NATO bilan bevosita to‘qnashuvga borishdan manfaatdor bo‘lmagan taqdirda ham, hammasi bir kechada o‘zgarib ketishi va qisqa muddatda amalga oshirilishi mumkin. Bundan tashqari, shu ma'nodagi rejalar va zaxiralar allaqachon tayyorlab qo‘yilgan», — deyiladi hujjatda.
Ekspertlar o‘z xulosasida javob zarbasi berish rejalariga ham to‘xtalib o‘tishgan. Ular, Moskva metrosi, Sankt-Peterburg elektr tarmog‘i va Rossiyaning RT davlat telekanaliga zarba berishni taklif etishgan.
Bundan tashqari, markaz tahlilchilarining fikricha, Polsha «harbiy harakatlar boshlangudek bo‘lsa, o‘z maxsus harbiy bo‘linmalarini Kaliningrad viloyatiga yuborib, u yerdagi strategik harbiy inshootlar, xususan raketa batareyalarini yo‘q qilishi mumkin»ligini bildirib qo‘yish kerak.