Chevrolet yangilangan «arzon» modellarini taqdim etdi

Fan-texnika 19:25 / 26.07.2016 23222

Braziliyada Onix xetchbeki va Prisma sedanining yangilangan rusumlari namoyish etildi. Carplace nashri taqdimot marosimidan olgan suratlarini saytiga joylashtirgan. Bir xil platformada ishlab chiqariluvchi «arzon» Chevrolet modellari, savdo belgisining yangi uslubiga xos dizaynga ega bo‘lgan. Sedanning ham, xetchbekning ham radiator qafaslari o‘zgacha tus olgan. Bamperlari, old va orqa yorug‘lik chiroqlari shakli o‘zgargan. 

Ammo, ularning intereriga xos suratlar mavjud emas. Xabarlarda mashinalar salonida o‘zgarishlar unchalik ham ko‘zga tashlanmasligi aytilmoqda. Xususan, old eshiklar dastaklarining o‘rni va o‘rindiqlarning tusi o‘zgartirilgan, xolos. 

Shu bilan birga, Chevrolet Onix modelining Activ deb nomlangan kross-rusumi ham mijozlarga taklif etiladi. U qoratusli plastikdan yasalgan to‘siq va tomiga o‘rnatilgan reylinglarga ega. Bundan tashqari, uning disklari ham yangilangan bo‘lib, yengil qotishmalidir. 

Onix va Prisma modellariga takomillashtirilgan 1,0 va 1,4 litrlik motorlar o‘rnatiladi. Ular, benzin yoki etanolda ishlay oladi. Chevrolet kompaniyasining ta'kidlashicha, ushbu dvigatellar yanada tejamkor bo‘lgan. 5 diapazonli mexanik uzatmalar qutisini 6 bosqichli mexanik uzatmalar qutisi almashtirgan. 

Sedan va xetchbekning tarkibiga Chevrolet MyLink multimedia tizimining yangi avlodi kiradi. U, Apple CarPlay va Android Auto tizimlarini o‘qiy oladi.

Restayling qilingan mashinalarning savdosi Braziliyada shu yilning avgust oyida boshlanishi aytilgan bo‘lsa-da, ularning narxiga oydinlik kiritilmagan. 


 

Ko‘proq yangiliklar: