Messi Ibitsadagi ta'tili vaqtida Ronaldu e'tibor qaratmagan muxlis bilan suratga tushishga rozi bo‘lgani muxlislarning olqishiga sazovor bo‘lmoqda.
O‘tgan haftada Messi ijaraga olgan Seven C nomli yaxtaga noma'lum shaxs suzib kelgandi. Qo‘riqchilar uni haydab yubormoqchi bo‘lgan, ammo Messi ularni qaytarib, bu yigitni yuqoriga taklif qilgan va u bilan suhbatlashib, suratga tushgan.
Sports.ru blogerlaridan biri hikoya qilishicha, Ispaniyaning Seuta shahrida istiqomat qiluvchi Suli ismli 24 yoshli bu yigit avvaliga Ibitsada ta'tilini o‘tkazayotgan Krishtianu Ronaldu bilan suratga tushmoqchi bo‘lgan, ammo portugaliyalik futbolchi unga e'tibor qaratmagan. Shundan so‘ng Suli suvda bir kilometr suzib o‘tib, Messining yaxtasiga yaqinlashib borgandi.
«Atletiko» muxlisi hisoblanadigan Sulining telefoni suzish vaqtida suvga bo‘kkan. Surat Messining smartfonlaridan birida olingan va u suratni Suliga jo‘natishni va'da qilgan va shunday ham bo‘lgan.
Messi Sulining ortga qaytishi uchun o‘z transportini taklif qilgan, lekin yigit bundan bosh tortib, suzib qaytib ketgan.
«Suhbatimiz davomida u o‘zini yulduzlar kabi yuqori tutmadi. U o‘ta mehmondo‘st va sipo edi. Uning oilasi esa shunchaki ajoyib. Men Krishtianu Ronalduni tungi klubda uchratgandim, o‘shanda u qo‘lini berishni istamagandi. Uni bu vaqtda doim qo‘riqchilar o‘rab turadi va unga yaqinlashib bo‘lmaydi», deydi Suli.
Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda Messini bu ishi uchun alqashda davom etishmoqda.