"Yaponiyalik qassob" taslim bo‘lishdan avval tvitterida "Dunyoda tinchlik bo‘lsin!" deya yozdi

Jamiyat 16:41 / 26.07.2016 5505

Yaponiyaning Sagamixara shahridagi imkoniyati cheklangan kishilar istiqomat qilgan pansionatda 19 kishini bo‘g‘izlagan qotil Satosi Uematsu ijtimoiy tarmoqda politsiyaga taslim bo‘lishidan oldin "Dunyoda tinchlik bo‘lsin!", deya yozgan. Bu haqda NHK xabar tarqatdi.

U 19 kishini o‘ldirib, 25 kishini jarohatlagach, tvitteriga jilmaygan holatdagi suratini joylab, "Dunyoda tinchlik bo‘lsin! Yaponiya ajoyib", deya tvit qoldirgan.

U shu yilning fevralida Yaponiya parlamentining quyi palatasiga maktub yozib, "nogironlarni evtanziya qilish haqida qonun" qabul qilishni talab etgandi. U o‘shanda Uchinchi jahon urushining oldini olish maqsadida 470 nafar aqli noqis va nogiron odamni o‘ldirishga tayyor ekani haqida yozgan.

Pansionatga hujum tungi ikki yarimda sodir bo‘lgan. Bu vaqtda u yerda 8 xodim va 1 soqchi bo‘lgan. Shuningdek, binoda 18-75 yoshli 150 kishi bo‘lgani aytilgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Uematsi muassasaga qora avtomobilda kelib, bino derazasini bolg‘a bilan urib sindirgan va bino ichiga kirgan. U yonida 3ta pichoq solingan sumka bilan kelgan. Avtomobildan esa qon izlari bo‘lgan skotch va plastik kishanlar topilgan.

Uematsu bu muassasada 2012 yilning oxiridan 2016 yil fevraligacha ishlagan, keyin "shaxsiy sabab" tufayli ishdan haydalgan.

Analizlar ko‘rsatishicha, u qotillik vaqtida marixuana ta'sirida bo‘lgan.

26 yoshli Satosi Uematsu hujumdan taxminan bir soat o‘tib o‘zini politsiyaga topshirgan.

Bu fojia Yaponiyada o‘tgan asrning 30-yillaridan buyon eng yirik ommaviy qotillik bo‘ldi. 

Ko‘proq yangiliklar: