Turkiya hukumati mamlakatda davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y berishi ortidan boshlangan yalpi tozalash tadbirlari doirasida 42 nafar jurnalistni hibsga olish uchun order bergan. Bu haqida mahalliy nashrlarga asoslanib Reuters agentligi xabar tarqatdi.
Ayni vaqtda isyon tashkilotchisi sifatida ayblangan Fathulloh Gulenga aloqadorligi gumon qilingan jurnalistlarni qidirish va qo‘lga olish ishlari olib borilmoqda.
Bundan oldinroq, Turkiya hukumati davlat to‘ntarishiga urinish «ilhomchisi» deb hisoblanayotgan imom Fathulla Gulenning jiyanini qo‘lga olgani haqida xabar berilgandi.
1999 yildan buyon o‘z xohishiga ko‘ra AQShda quvg‘inda yashab kelayotgan Gulenning o‘zi Turkiyada maktab va xayriya tashkilotlarining keng tarmog‘iga hamda ko‘plab izdoshlarga ega. U 15 iyulda sodir bo‘lib, kamida 246 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan davlat to‘ntarishiga urinishga aloqadorligini rad etmoqda.
Shundan so‘ng boshlangan yalpi tozalash doirasida 13 mingdan ortiq kishi isyonga aloqadorlikda gumon qilinib, qo‘lga olindi.