Langarcho‘p bilan balandlikka sakrash bo‘yicha ikki karra Olimpiya chempioni, mashhur rossiyalik yengil atletikachi Yelena Isinbayeva uning Riodagi Olimpiadada ishtirok etish huquqini himoya qilganlardan shikoyat qildi. Uning aytishicha, bu himoya "nol" bo‘lgan.
"Mana hammasi tamom... Bizning Rio uchun kurashimiz yakuniga yetdi... Riodagi Olimpiada shohsupasining eng yuqori zinasiga ko‘tarilish peshonamda bitilmagan ekan, mening sharafimga boshqa Rossiya madhiyasi yangramaydi, o‘zimning qadrdon muxlislarimni planka ustidan parvozlarim bilan boshqa xushnud qila olmayman. Yo Tangrim, bunday adolatsizlik qanchalik ayanchli. Bizning himoyamiz zaif, nol deb aytgan bo‘lardim. Hech kim mening huquqimni himoya qilmadi. Bu qonunsizlik va tartibsizlik oldida ojiz ekanligingdan ko‘zlaringga yosh kelgudek qayg‘uli. Men yengil atletika uchun qilgan barcha ishlarimni anglashimdan ko‘z yoshlarim oqmoqda. Biz Yevgeniy Vasilevich bilan vaqtdan 10 yil oldinlab ketdik. Jahon rekordlarimiz va g‘alabalarimiz bilan langarcho‘p bilan sakrashni jahon yengil atletikasining birinchi raqamli sportiga aylantirdik. Mening Cheboksardagi g‘alabam hozirgi kungacha mavsumdagi eng yaxshi natija bo‘lib qolmoqda. Men Rioda dunyoga qanday balandlik, qanday his-hayajonlar tuhfa qilmoqchi bo‘lganim sirligicha qoladi... Men uchun ham... Ho‘ngrab yuborgim kelyapti..", deb yozdi Olimpiadaga bora olmasligidan g‘am-alamga to‘lgan sportchi o‘z instagramida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Rossiya terma jamoasi to‘liq tarkibda Olimpiadadan chetlashtirilmasligini ma'lum qildi. Biroq Rossiya yengil atletika jamoasi butun tarkibda o‘yinlardan chetlatilishi bo‘yicha qaror o‘z kuchida qoldi.