Portugaliya terma jamoasi bilan Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan, ayni vaqtda ta'tilni o‘tkazayotgan «Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu qoidasiz janglar kurashchisi (UFC), yarim yengil vazn toifasida jahon chempioni hisoblangan irlandiyalik Konor Makgregor bilan uchrashdi.
Makgregor hozirda Las-Vegas shahrida Neyt Dias bilan bo‘ladigan jangga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Sportchilar birgalikda mashg‘ulot o‘tkazishgan.
Makgregor portugaliyalik futbolchining jismoniy holati haqida iliq fikrlar bildirgan va unga Forbes reytingining eng yuqori pog‘onasiga chiqib olishni tilagan.
Bundan avvalroq Ronaldu mashg‘ulotlarga 10 avgustdan keyin qaytishini, 9 avgust kuni «Sevilya»ga qarshi bo‘lib o‘tadigan Yevropa Superkubogi finalini o‘tkazib yuborishini ma'lum qilgandi.
Makgregor va Dias o‘rtasidagi jang 20 avgust kuni Las-Vegas shahrida o‘tkazilishi belgilangan.