AQSh prezidenti Barak Obama CBS telekanalidagi Face The Nation ko‘rsatuviga bergan intervyusida Xillari Klintonni zamonaviy tarixda AQSh prezidenti lavozimiga "eng munosib tayyorlangan nomzod" deb atadi.
Uning aytishicha, Klintondan boshqa ichki va tashqi siyosatni yaxshiroq biluvchi, siyosatda "mixdek qattiq" va "Amerika foydasi tegadigan narsa tomonidan harakatlantiriluvchi" shaxsni topish mushkuldir.
Obama Klinton "voqealar biz istaganchalik tez yuz bermaydigan" zamonaviy demokratiyani yaxshi tushunishini qo‘shimcha qildi.
"U har doim taassurot qoldirishga intilmaydi. Undan ancha yaxshiroq nutq so‘zlaydiganlar bor. Biroq u o‘z ishini biladi. Va oxir-oqibatda bu Oq uyda yaxshi ishlash uchun zarur bo‘lgan jihatdir", deb ta'kidlab o‘tdi Obama.
Obama Klintonning xususiy pochtadan o‘ta maxfiy ma'lumotlarni almashish uchun foydalangani "xato" bo‘lganini, biroq mamlakat uchun muhim paytda "Klinton doimo haq bo‘lganini" aytib o‘tdi.
Iyul boshida Obama o‘zining partiyadoshi bo‘lgan Klintonni birinchi bor rasman qo‘llab-quvvatlagandi. O‘shanda Obama Klinton bilan birga birinchi raqamli samolyotda Sharlotta shahridagi tadbirga kelgan va uni qo‘llab-quvvatlovchi nutq so‘zlagandi.