Liviya qirg‘oqlarida 41 nafar cho‘kib ketgan muhojir jasadlari topildi, deb xabar bermoqda The Daily Mail nashri. Jasadlarni mamlakat poytaxti Tripolidan g‘arbga tomon joylashgan Sabrat shahri plyajida bir guruh ko‘ngillilar aniqlagan. Jasadlar o‘likxonalarga DNK tahlilini o‘tkazish uchun yetkazilgan, so‘ngra ular dafn qilinadi.
"Bizning fikrimizcha, bu odamlar 5-6 kun avval cho‘kib ketgan", deb aytdi mahalliy hukumat vakili. Uning aytishicha, har kuni qirg‘oqda 1-2 nafar jasad topiladi, biroq 41 jasadning topilishi "juda ko‘pdir".
21 iyulda Liviya qirg‘oqlarida 22 nafar muhojir jasadi topilgandi, ulardan bir nafari erkak jasadi, qolganlari ayollar jasadlari bo‘lgan. Bundan tashqari, ko‘ngillilar sohilbo‘yi hududlaridan birini nazorat qilayotganlarida falokatga uchrayotgan ikkita muhojirlar kemasini aniqlab, 209 kishini qutqarib qolishgan.