Hisobot davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 6 trillion 314 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,4 foiz o‘sishga erishildi. Sanoat mahsulotlari 4,5, iste'mol tovarlari ishlab chiqarish 18,9, qurilish ishlari 12,8, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 6,8, xizmatlar hajmi 15,5, chakana savdo aylanmasi 14,5 foizga oshdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Faol investitsiya siyosati hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, infratuzilmani rivojlantirish moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 2,8 trillion so‘mdan ziyod investitsiyalarni o‘zlashtirish imkonini berdi. Investitsiyalarning 57,1 foizi ishlab chiqarish sohasiga jalb etilgan.
Hisobot davrida sanoat dasturiga asosan 44,1 milliard so‘mlik investitsiya hisobidan 246 loyiha amaliyotga tatbiq etildi. Shundan 164 tasi yangi ishga tushirilgan sanoat korxonasi bo‘lsa, 82 tasida modernizatsiya ishlari amalga oshirildi.
Joriy yilning olti oyida 28 yangi korxona ishga tushirildi. Viloyatdagi xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni 50 taga yetib, ularning sanoat mahsulotlaridagi ulushi 10-12 foizni tashkil etmoqda.
Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida hisobot davrida 1 ming 32 yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etildi. Kichik biznesni moliyaviy-qo‘llab quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 5 ming 320 tadbirkorlik sub'yektiga 491,8 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi.
Hisobot davrida xizmatlar hajmi 2 trillion 61 milliard so‘mni tashkil etdi. 703 savdo va xizmat ko‘rsatish obekti foydalanishga topshirildi. Ularning 460 tasi qishloq joylarda ishga tushirildi.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan 28 turistik korxona tomonidan 3,8 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatildi. Xorijlik sayyohlarga ko‘rsatilgan xizmatlardan tushgan mablag‘ 228 ming dollarni tashkil etdi.