Hindiston hukumati 13ta milliy neft kompaniyalarini yagona davlat korporatsiyasiga birlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlashni rejalashtirayapti, deb yozmoqda The Economic Times o‘z manbalariga tayangan holda.
Ularning ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Hindiston neft vazirligi 13ta neft kompaniyasining qo‘shilishiga oid baholash ishlarini olib bormoqda. Bular orasida, mamlakatdagi yirik neft qazib oluvchi kompaniya Oil and Natural Gas Corporation (ONGC) ham bor. Ta'kidlash kerakki, mazkur g‘oya 2005 yildan beri muhokama etib kelinadi. Biroq, davlat komissiyasi uni maqsadga nomuvofiq deb kelar edi.
Qayd etilishicha, yangi kompaniyaning bozor qiymati Rossiyaning «Rosneft» kompaniyasidan qimmat bo‘lishi aytilmoqda. Chunki, Hindistonning oltita yetakchi neft kompaniyasining umumiy narxi 77 mlrd dollardan oshib ketadi. «Rosneft»ning narxi esa — 55 mlrd dollarni tashkil etadi.