Germaniyaning Ansbax shahri (Bavariya federal yeri) markazidagi restoranda portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda Sueddeutsche Zeitung nashri xabar berdi.
Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida kamida bir kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi yaralandi. Reuters axborot agentligi ma'lum qilishicha, shahar politsiyasida ushbu hodisa yuz bergani tasdiqlandi, biroq qurbonlar va jabrlanganlar haqida rasmiy ma'lumot berilmadi.
Voqea sabablari ma'lum qilinmayapti, shuningdek. portlash tasodif bo‘lgani yoki ataylab qilingani ham noma'lum. Voqea joyi politsiya tomonidan o‘rab olingan. Restoran yaqinida uch kunlik musiqa festivali bo‘layotgan edi, u portlashdan keyin to‘xtatilgan.
Bavariya ichki ishlar vaziri Ioaxim Xerman Berlindan Nyurnbergga (Ansbaxdan 40 km uzoqlikda joylashgan) uchib ketgan.
22 iyulda Myunxendagi Olympia savdo markazida 18 yoshli Ali David Sunbuliy 9 kishini otib tashlagandi va keyin o‘z joniga qasd qilgandi. 24 iyulda Roytlingen shahrida suriyalik qochqin yo‘lovchilarga uzun pichoq bilan tashlanib, bir ayolni o‘ldirgan va 2 kishini yaralagan.