Apple korporatsiyasi sotilgan smartfonlarining soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkichni qayd etishga yaqin turibdi, deb yozmoqda Financial Times. Uning soni 1 mlrdga yetish arafasida.
Nashrning qayd etishicha, bu gadjyetlar ishlab chiqaruvchi har qanday kompaniya orzu qiladigan natijadir.
Shu bilan birga, maqolada ta'kidlanishicha, Apple 2016 yil ikkinchi chorakka oid moliyaviy va amaliy hisobotini e'lon qilishi kutilayapti. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, kompaniya bu davr ichida 40 mlnga yaqin iPhone sotishning uddasidan chiqqan.
Financial Timesning yozishicha, iyun oyi oxiriga kelib, Apple tarixida sotilgan iPhonelar soni 987 mlnga yetadi. Bunda, barcha sotilgan gadjyetlarning yarmidan ko‘pi oxirgi ikki yil davomida sotilgani ta'kidlangan.
Shunday qilib, kompaniya bir oyda o‘rtacha 13 mln dona smartfon sotayotganini hisobga olganda, milliardinchi iPhone yaqin kunlarda sotilishi kerak.
«Microsoft bir paytlar, har bir stol ustiga bittadan shaxsiy kompyuter qo‘yishni orzu qilgan edi. Bugungi kunda smartfon — ta'bir joiz bo‘lsa har bir cho‘ntakdagi kompyuter demakdir. Bizning navbatdagi maqsadimiz — Yer yuzidagi har bir insonda smartfon bo‘lishiga erishishdir», — degan mobil bozori tahlilchisi Andreessen Horowitz kompaniyasi hamkori Benedikt Evans.
AQSh aholini ro‘yxatga olish byurosiga ko‘ra, 2016 yil 1 yanvar holatiga binoan, sayyora aholisi 7,3 mlrd kishiga yetgan. Bu esa, har sakkiz kishidan biri Apple kompaniyasi ishlab chiqqan smartfonga ega bo‘lishi mumkin, deganidir.