Fanlar akademiyasining Tarix instituti O‘zMUda qaytadan tashkil etiladi

Jamiyat 15:57 / 25.07.2016 9240

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Tarix instituti Milliy universitet huzuridagi Tarix institutiga aylantirilmoqda. Bu o‘zgarish O‘zbekiston prezidentining 18 iyuldagi qarorida (pdf) ko‘zda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur qaror O‘zbekiston tarixi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatining o‘quv jarayoni bilan o‘zaro aloqasini kuchaytirish, o‘zbek xalqi hamda milliy davlatchilik tarixi sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borishga professor-o‘qituvchilarni, katta ilmiy xodim-izlanuvchilarni keng jalb etish maqsadida qabul qilindi.

Toshkentning Olmazor tumanida faoliyat olib boradigan O‘zMU huzuridagi Tarix institutining umumiy xodimlari cheklangan soni 51 nafargachani tashkil etib, ularning 42 nafari ilmiy xodimlardir.

Institutda beshta — antropologiya va etnologiya, qadimiy va o‘rta asrlar tarixi, XIX asrning ikkinchi yarmi — XX asr boshlari davri tarixi, yangi va eng yangi davr tarixi, shuningdek, tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqotlar metodologiyasi hamda ularni o‘quv jarayoniga tadbiq etish bo‘limlari faoliyat ko‘rsatadi.

Fanlar akademiyasining Tarix instituti (1970 yilga qadar O‘zSSR FA Tarix va arxeologiya instituti) 1943 yilda SSSR Fanlar akademiyasining O‘zbekiston filiali Til, adabiyot va tarix instituti bazasida tashkil etilgan. Institut sayti ma'lumotlariga ko‘ra, unda 94 xodim, jumladan, FAning 2 akademigi, 19 nafar fan doktori va 22 nafar fan nomzodi faoliyat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, hukumatning 11 iyuldagi qarori bilan Fanlar akademiyasi tuzilmasi takomillashtirildi. Undan avvalroq esa Fanlar akademiyasining Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti va uning qoshidagi Ixtisoslashtirilgan konstruktor-texnologik byuro, FAning Yadro fizikasi instituti hamda Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti tugatilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: