Barak Obamaning o‘gay akasi – keniyalik Malik AQSh prezidenti lavozimiga nomzodlar orasida milliarder Donald Trampni qo‘llab-quvvatlashini aytdi, deb xabar bermoqda The New York Post nashri.
"Menga Donald Tramp yoqadi, chunki u yurakdan gapiradi. Amerikani yana buyuk qilish – bu ajoyib shior. Men u bilan uchrashishni istardim", deb aytdi Malik nashr jurnalistiga Kogelo qishlog‘idagi uchrashuvda.
Uning aytishicha, u ukasi Barak ma'muriyati siyosatidan "hafsalasi pir bo‘lgan", shuning uchun u uzoq vaqt demokrat bo‘lganiga qaramasdan, "Linkoln partiyasi" – Respublikachilar partiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgan.
Malik bunday qaror qabul qilishida "oxirgi tomchi" FQB Xillari Klintonni xususiy elektron pochtasidan maxfiy axborot bilan almashishda foydalangani uchun javobgarlikka tortmaslikni tavsiya qilgani bo‘ldi.
Shuningdek, unga Klinton va uning ukasi Barakning Liviyaning sobiq yetakchisi Muammar Kazzofiyni o‘ldirish qarori ham yoqimsiz bo‘lgan. Malik Kazzofiyni o‘zining eng yaxshi do‘stlaridan biri deb atadi.
Malikning rejalari orasida noyabrda AQShga qaytib borib, prezidentlik saylovlarida Trampga ovoz berish istagi bor.
Tramp bunga o‘z tvitterida Obama "Malik bilan qolganlar kabi yomon munosabatda bo‘lgandir-da", deb izoh berdi.