O‘zbekiston 2016 yilda 1,1 mlrd dollardan ko‘proq tekstil va to‘qimachilik-trikotaj mahsulotlari eksport qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar qilmoqda «Pravda Vostoka» nashri. Gazetaning ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 1995 yildan beri sohaga 2,5 mlrd. dollardan ortiq mablag‘ jalb etilgan.
So‘nggi yillarda, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Italiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur, Hindiston va boshqa hamkor davlatlar ishtirokida 200dan ortiq loyiha amalga oshirilgan.
Paxta tolasini qayta ishlashdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga olgan yuqori texnologiyali zamonaviy tekstil korxonalari ishga tushirildi.
«Agar 1994 yili xorijiy sarmoya ishtirokida atigi 3ta korxona bo‘lgan bo‘lsa, uning tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi ikki foizni tashkil etgan. Bugungi kunda korxonalar soni 200dan oshib, ularning tayyor mahsuloti 80 foizdan oshib ketdi», - deb qayd etadi nashr.
Agar, 1991 yilda tekstil korxonalarining paxta tolasini qayta ishlash sanoat quvvatlari ishlab chiqarilgan paxta tolasining 7 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2015 yilga kelib bu raqam 45 foizga yetgan.
Bugungi kunda turli mamlakatlarda O‘zbekiston tekstil korxonalari mahsulotlarini namoyish etuvchi 40ga yaqin savdo uylari faoliyat yuritmoqda. Ular, xorijiy hamkorlarni topish va savdo hajmini oshirishning samarali yo‘llaridan biri bo‘lgan.
Made in Uzbekistan tamg‘asi tushirilgan mahsulotlar dunyoning 50 davlati, xususan YeI, MDH va Lotin Amerikasi, Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur, Eron, Isroil va AQShga yetkazib beriladi. Tekstil va trikotaj mollari shuningdek, Pokiston, Gruziya, Xorvatiya, Nigeriya bozorlariga ham yetkazib berila boshlangan.