Liviya hukumati Fransiya elchisini mamlakat hududida fransuz harbiylari borligi haqidagi xabarlarga izoh so‘rash uchun chaqirtirdi. Bu haqda Assoshieyted Press agentligi xabar tarqatdi.
Agentlik manbasi ma'lumotiga ko‘ra, Fransiya elchisi, xavfsizlik zarurati tufayli qo‘shni Tunisda bo‘lib turgan Antuan Sivan yaqin kunlarda Liviya hukumati talabiga ko‘ra bu mamlakatga keladi.
O‘tgan haftada Fransiya hukumati vakili Stefan Le Fol maxsus topshiriqli fransuz harbiylari Liviyada ekani haqidagi xabarni tasdiqlagandi. U "Fransiya harbiylari terrorizmga qarshi kurashda ishtirok etayotgani" haqida aytgandi.
Ko‘p o‘tmasdan, Fransiya mudofaa vazirligi Liviyada harbiy vertolyot jangarilar tomonidan urib tushirilishi oqibatida 3 nafar fransiyalik harbiy halok bo‘lganini ma'lum qildi.