Bugungi va kechagi qadriyatlar: tafovut nimada?

Jamiyat 20:56 / 23.07.2016 6881

– Yoshlar va kattalar o‘rtasidagi tafovut katta, – deydi pedagogika fanlari doktori, “Milliy g‘oya” ilmiy amaliy-markazi rahbari Muhammadjon Quronov, – Yildan-yilga odamlarning turmush sharoiti, o‘z maqsadlariga erishish vositalari o‘zgaryapti. Bu tabiiyki yoshlar qadriyatlarning o‘zgarishiga ham olib keladi. Bundan yuz yil avval andisha, uyat orqali maqsadga erishilgan bo‘lsa, g‘arbdan kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan illatlar kasofati bilan bu qarashlardan voz kechilyapti.  Bu ayniqsa G‘arbda keskin namoyon bo‘lyapti. Ularda «lost jyenereyshn» , ya'ni  “boy berilgan avlod” degan ibora bor. Bu avlod o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishish uchun hech narsadan tap tortmaydi. Hatto jamiyat tomonidan qabul qilingan me'yorlar ular uchun ikkinchi darajali. “Men” degan egoistik determinator ularda yetakchilik qilyapti. Buning misollarini G‘arbda ko‘p bora ko‘rdik. 

Aslida yoshlar qadriyatlari o‘zidan oldingi avlodning qadriyatlariga zid emas.Umuman, qadriyatlar o‘zgargani yo‘q. Aytaylik, bilimlilik yoshlar uchun qadriyat. Biroq yoshlar har doim ham ularni to‘g‘ri anglolmaydi. Yoshlarda hisobdor tuyg‘usi kuchli. Ularning eng zo‘ravoni ham o‘zini jamiyat oldida bo‘lmasa ham, juda bo‘lmaganda ota-onasi oldida hisobdor deb biladi. Mana shu janjalning keng tus olishida ham o‘rtog‘i, kollejdoshi, mahalladoshi oldidagi hisobdorlik tuyg‘usi tufayli, desa to‘g‘riroq bo‘ladi.  G‘arbda esa unday emas. G‘arbda jamiyatning “atomlashuvi” kuzatilmoqda. Bu degani, jamiyatda ikki kishini bog‘laydigan hech narsa yo‘q. Odamlar orasida avtonom turmush tarzi keng yoyilib ketmoqda. Qulog‘ida “naushnik”, ko‘zi telefon ekraniga qadalgan holda odamlar orasida avtonom yashash – jamiyatning “atomlashuvi”. Mana, yoshlarning jamiyatdan begonalashishining boshlanishi. Moddiylik ma'naviyatdan ustun kelmasligi kerak. Aks holda odam odamga xuddi g‘arbdagidek. vosita sifatida qarashni boshlaydi. Bizda esa ko‘ngilga yo‘l topish qadriyat hisoblanadi.  

– Yoshlarni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashniistasak, milliy qahramonlarimiz obrazlarini ideal darajasiga ko‘tarishimiz kerak, – deydi psixolog Zebunniso Ahmedova, – O‘smirlarning hozirgi ideallari kimlar?  Komiks qahramonlari, “super odam” lar, yarim mahluq, yarim odam qiyofasidagi obrazlar. Xullas, ularni birlashtiruvchi jihat – jangovorlik. Bu ideallar o‘smirlar ongiga shu qadar qattiq singib ketganki, natijada tinchlik atalmish buyuk qadriyatimiz ularning nazarida qadriyat bo‘lmay qoldi. Yana bir sabab – bu “qurol” sindromi. Qurol ayni paytda yoshlar orasida kuchning ramzidir. Yoshlarda qudratlilik ham bir qadriyat. O‘smir qo‘liga nima uchun qurol oladi? O‘zini kuchli his qilish uchun. Demak, u o‘zining kuchliligiga ishonmaydi. Ishonchsizlik, mana, bularning barchasini keltirib chiqaruvchi tub sabab.   

Davralarda yoshlar haqida so‘z ochilganda, albatta, gap borib tanqidga taqaladi. “Yoshlar internetda yashaydi” , “Yoshlar kunini ijtimoiy tarmoqda o‘tkazadi”, “Yoshlar “naushnik” ni qulog‘idan tushirmaydi”... OAV faoliyatini kuzatsangiz yoki televizorda tok shoularda o‘tirib olib ijtimoiy tarmoqlarni yomonlash bilan ovora ko‘rsatuvlarni ko‘rsangiz, butun jamiyat mana shu tabiiy jarayonlarni qoralash bilan bandday tuyuladi. Doim qoralayverish – ularni jamiyatdan uzoqlashtiradi. Vaholanki, bular allaqachon yoshlarning qadriyatlariga aylanib bo‘lgan. Oilada ham xuddi shunday munosabatni kuzatish mumkin. O‘spirinlarni ham eshitish, fikrini bilish o‘rniga ko‘proq ta'qiqlar o‘rnatiladi yoki ularni o‘z qiziqishlari bilan yakkama-yakka qoldiriladi. Bu o‘smirda o‘zi bilan o‘zi bo‘lish, boshqalardan o‘zini tortish, o‘z hammasligini topish orqali boshqalarga nisbatan isyonni, oxir-oqibatda esa yuqoridagidek zo‘ravonlikni keltirib chiqaradi. Qiziqishlar o‘smirning o‘ziga havola qilinganda turli maniyalarga ruju qo‘yish boshlanadi. Masalan, o‘yinbozlikka berilib ketsa, jangari qahramonlar, virtual o‘ldirishlar yana bora-bora o‘sha zo‘ravonlik, jangarilikka olib keladi.

Balki globallashuv davrida ota-ona, ta'lim muassasasi jamiyat o‘smir ko‘ngliga yo‘l topishda qiynalayotgandir. Biroq, aslo buni qadriyatlar, madaniyatlar, qarashlarni qarama-qarshi qo‘yish orqali amalga oshirib bo‘lmaydi. Qadriyat odamning odamga, jamiyatga munosabatini belgilab beradi. Munosabatning asosini esa ishonch tashkil qilishi kerak.

Mohlaroyim QAYuMOVA

Ko‘proq yangiliklar: