Turkiyada 15 iyul harbiy to‘ntarishga urinishda shahid bo‘lganlar kuni sifatida e'lon qilindi

Jahon 14:56 / 22.07.2016 5524

Turkiyada bundan keyin o‘n beshinchi iyul sanasi davlat to‘ntarishiga urinish vaqtida shahid bo‘lganlarni xotirlash kuni sifatida o‘tkaziladi. Bu haqida mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan e'lon qilindi.

"Kelgusi avlod demokratiya nomidan kurash olib borib halok bo‘lgan fuqarolarni, politsiyachilarni, harbiylarni va barcha qahramonlarni unutmaydi. 15 iyul har yili "Shahidlar xotirasi kuni" sifatida o‘tkaziladi. O‘z xalqimga murojaat qila turib, xalqning bu kundagi isyonni bostirishda ko‘rsatgan irodasi va mardligini e'tirof etmoqchiman va ulardan Turkiya bu og‘ir vaziyatdan chiqib ketish uchun demokratiyani qo‘riqlashda davom etishni so‘rayman", — degan Erdo‘g‘an Anqarada o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida.

O‘tgan juma kuni kechqurun Turkiyada harbiy to‘ntarish yuz bergani ma'lum qilindi. Harbiylar Anqara va Istanbulga tanklar bilan kirdi.

Prezident xalqdan isyonchilarga qarshi kurashda yordam so‘radi. 

16 iyul kuni tongida xalq qarshiligiga uchragan harbiylar taslim bo‘lishdi va isyon bostirildi. Turkiya hukumati harbiy to‘ntarishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangani haqida ma'lum qildi.

Erdo‘g‘an bu isyon tashkilotchiligida muxolifatchi Fathulloh Gulenni aybladi.

Turkiyada shundan so‘ng davlat organlarida yalpi tozalash ishlari boshlandi.

Ayni vaqtda mamlakatda isyonga aloqadorlarni qo‘lga olish ishlari davom etmoqda. Shu vaqtgacha 10 mingga yaqin kishi qo‘lga olindi. Davlat organlarida olib borilayotgan yalpi tozalash ishlari doirasida 70 mingga yaqin xizmatchi lavozimidan chetlatildi.

15 iyul oqshomidagi voqelar davomidagi to‘qnashuvlar vaqtida halok bo‘lganlar soni 400 nafarga yaqinlashgan.

Ko‘proq yangiliklar: