Toshkent shahar hokimligida navbatdagi brifing tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 21 iyul kuni qabul qilingan 237-son qaroriga asosan Toshkent shahar hokimligi hamda bir qator hamkor tashkilotlarning taklifiga binoan savdo sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni yanada rivojlantirish hamda rag‘batlantirish maqsadida ikki bosqichli “Savdo va xavfsizlik” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilishi haqida so‘z bordi. Bu haqda Toshkent shahar axborot xizmati xabar bermoqda.
Ko‘rik-tanlov tumanlar hamda shahar bosqichlaridan iborat bo‘lib, har yili tashkil qilinadi. Undan ko‘zlangan maqsad:
- savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlarining aholiga xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini hamda jamoat xavfsizligini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish;
- sohada aholi xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etishni rag‘batlantirish, davlat standartlari, gigiyena, sanitariya, yong‘in xavfsizligiga oid normativ hujjatlar, qoida va talablar, shoxobchalarga yondosh hududlarning obodonlashtirilishi kabi talablarning bajarilishini qo‘llab-quvvatlash.
Ko‘rik tanlovda savdo(bozorlar, gipermarketlar, supermarketlar, minimarketlar, kiosklar va b.) hamda umumiy ovqatlanish(restoranlar, barlar, kafelar, choyxonalar va b.) sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlari ishtirok etadilar.
Mazkur qaror bilan ko‘rik-tanlovni o‘tkazish bo‘yicha nizom, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida xavfsizlik talablariga rioya etgan holda ish tashkil qilish tamoyillari, “Savdo va xavfsizlik” ko‘rik-tanlovini tayyorlash, o‘tkazish hamda g‘oliblarni taqdirlash bo‘yicha maxsus komissiya tarkibi, ko‘rik-tanlovni o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash bilan bog‘liq harajatlar va ularning manbalari hamda miqdorlari tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, bir hafta muddatda ushbu tanlovning o‘tkazilishi bilan bog‘liq tadbirlarning bosqichma-bosqich tashkiliy rejasi tasdiqlanadi.
Tanlov ochiq bo‘lib, unda barcha tadbirkorlik sub'yektlari ishtirok etishlari mumkin. U quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
- “Eng yaxshi yirik savdo obekti” (umumiy savdo maydoni 1500 kvadrat metrdan ortiq);
- “Eng yaxshi o‘rta savdo obekti” (umumiy savdo maydoni 50 kvadrat metrdan 1500 kvadrat metrgacha);
- “Eng yaxshi savdo obekti”(umumiy savdo maydoni 50 kvadrat metrgacha);
- “Eng yaxshi restoran” (restoran, vagon-restoran, bar tiplarida xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish korxonalari);
- “Eng yaxshi kafe” (kafe, yozgi kafe, kafeteriy tiplarida xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish korxonalari);
- “Eng yaxshi choyxona” (oshxona, choyxona, bufet va zakusochnaya tiplarida xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish korxonalari)
Ko‘rik-tanlovda ishtirok etishni istagan tadbirkor tanlov nizomida belgilangan ariza bilan tuman komissiyasiga murojaat qilishi lozim.
Arizalarni qabul qilish muddatlari, komissiyalarning ishni tashkil qilish tartiblari, ko‘rik-tanlovning tuman bosqichlarini tashkil etish, o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash bo‘yicha maxsus komissiyalarning namunaviy tarkibi, unda qatnashish bo‘yicha ariza namunasi, ko‘rik-tanlovni o‘tkazish reja-jadvali, g‘oliblarni taqdirlash bo‘yicha mablag‘lar miqdorlari tasdiqlangan. G‘oliblar diplomlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.