Rossiyaning Tojikistondagi 201-bazasida harbiy tayorgarlikni tekshirish ishlari boshlandi. Bu haqida mamlakat Markaziy harbiy okrugining matbuot xizmati xabariga asoslanib, RIA "Novosti" ma'lum qildi.
"Tojikiston Respublikasidagi 201-harbiy baza xizmatchilari trevoga asosida oyoqqa turishdi. Harbiy tayyorgarlik bo‘yicha mashqlar Dushanbe va Qo‘rg‘ontepadagi ikkita gornizonda o‘tkazilmoqda", - deyiladi xabarda.
Matbuot xizmatining ma'lumotlariga ko‘ra, shaxsiy tarkib to‘satdan yuzaga keladigan vaziyatlar bo‘yicha - muhim obektlarga shartli raqibning hujum qilishida amalga oshiriladigan harakatlarni ishlab chiqdi. Shuningdek navbatchi smena xizmatlari, trevoga ko‘tarilganda, komandirlar va shaxsiy tarkibning harakatlari, Tojikiston qurolli kuchlari bilan o‘zaro hamkorlikda harakat qilishni tashkillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
201-harbiy baza - Rossiyaning mamlakat tashqarisida joylashgan yirik harbiy obekti. 2012 yilning oktabrida imzolangan kelishuvga ko‘ra, baza 2042 yilgacha Tojikistonda faoliyat olib boradi.