Turkiyada sud harbiy to‘ntaruv harakatida ayblanayotgan 85 nafar general va admiralni hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqida Associated Press ma'lum qildi.
Xabarga ko‘ra, huquq-tartibot organlari xali bir necha o‘nlab harbiylarni so‘roq qilishmoqda.
Anadolu agentligining ma'lum qilishicha, hibsga olinganlar orasida Turkiya harbiy-havo kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Oqin O‘zturk ham bor, u avval davlat to‘ntaruvi harakatida qatnashmaganini bildirgan edi.
Turkiya harbiy kuchlarining bir guruhi 16 iyulga o‘tar kechasi davlat to‘ntaruvini amalga oshirishga harakat qildi. Istanbul va Anqarada vertolyot va samolyotlar samoga ko‘tarildi, shahar ko‘chalarida tanklar harakatga keldi. Mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an FaceTime ilovasi orqali xalqqa murojaat qilgan va ularni davlat himoyasi uchun ko‘chaga chiqishga chorladi.