Amerikalik milliarder Donald Trampning turmush o‘rtog‘i Melaniya eri AQSh prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgan taqdirda, mamlakatdagi ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatishni, shuningdek ularning huquqini himoya qilishni rejalashtirmoqda. U 18 iyul, dushanba kuni Respublikachilar partiyasi milliy s'yezdidagi chiqishida shu haqida ma'lum qildi. TASS agentligi xabar beradi.
"Agar menga birinchi raqamli xonim bo‘lish imkoni berilsa, fursatdan foydalanib, mamlakatimizdagi muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilar edim. Ayniqsa, bolalar va ayollarga yordam berish men uchun muhim ahamiyatga ega", - dedi Tramp xonim.
"Jamiyatga undagi fuqarolarga bo‘lgan munosabatga qarab baho beriladi, - qo‘shimcha qildi sobiq model. - Biz barcha bolalar qulay va xavfsiz muhitda yashashi, shuningdek yaxshi ma'lumotga ega bo‘lishi uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilishimiz lozim". Shu bilan birga u turmush o‘rtog‘i Donald Trampning AQSh prezidenti bo‘lish uchun barcha zarur fazilatlarga ega ekanligiga ishontirdi.
46 yoshli Melaniya Tramp 2005 yildan e'tiboran Donald Trampning turmush o‘rtog‘i hisoblanadi. U asli sloveniyalik bo‘lib, qizlik familiyasi Knauss, 16 yoshidan modellik biznesi bilan shug‘ullangan. Sloveniyadagi universitetda dizayner mutaxassisligiga ega bo‘lgan, 1996 yildan beri Nyu-Yorkda istiqomat qiladi.
Melaniya xayriya ishlari bilan faol shug‘ullanadi, 2005 yildan Qizil xochning Amerika bo‘limi "ko‘ngilli elchisi" hisoblanadi.