Savdoning barakasi nimada?

Jamiyat 10:13 / 19.07.2016 25698

Tanishlarimizdan biri so‘zlab berdi. U kishi poyezdda ko‘p yurar ekan. Poyezd bir bekatga borganida har galgidek asal sotib yuradigan bir yigit vagonga chiqibdi.
U yigit vagonlarni aylanib, asal sotib kelgach, o‘sha tanishimizning oldiga kelib o‘tiribdi-da, salom alikdan so‘ng tamaddi qila boshlabdi. U yoq-bu yoqdan suhbat boshlanibdi. Gap aylanib, asal haqida so‘z ketibdi. Ma'lum bo‘lishicha, asal sotuvchi yigit bir idishdagini toza asal deb, qolganlarini toza emas, deb sotib yurarkan.

Tanishimiz mo‘minlik farosati bilan yigitning bir kamchiligini sezib qolibdi va yigitning o‘zidan so‘rab, bu masalaga aniqlik kiritib olibdi: yigitning toza asal deb sotayotgani asal ekan-u, toza emas deb sotayotgani qiyom ekan. Ularning suhbatini hech kim eshitmayotganini bilgani uchun tanishimiz ochiq tanbeh beribdi:
— Uka, asal bo‘lmagan narsani asal deb sotishingizdan o‘zingizning ko‘nglingiz rozimi?
— Aka, shunday qilishga majbur bo‘lyapman, chunki savdo yaxshi bo‘lmayapti. Qiyomligini bilishsa, odamlar umuman olishmaydi.
— Ukajon, men sizni biron kishining oldida uyaltirish uchun emas, Alloh uchun aytyapman, “Mo‘min mo‘minning ko‘zgusi”, degan hadisi sharif borligini bilasiz. Siz Allohga tavakkul qiling-da, yo qiyomni umuman sotmang, yo qiyomligini aytib soting. Sizga to‘g‘riligingiz uchun xaridorni Mehribon Xudoi taoloning O‘zi jo‘natadi. Hozirgacha qimmat asal oz sotilayotgan bo‘lsa, undan keyin qancha sotilishini ko‘rasiz. Shu vaqtgacha odamlarni aldab, qiyomni asal deb sotganingiz uchun astoydil tavba qilish esingizdan chiqmasin.
—Xo‘p, aytganingizdek qilaman — debdi yigit.

Ko‘pincha, to‘y qiladigan odamlar sovg‘a salom uchun tarqatib yuborishga arzon va qulay kiyim kechaklar izlab qolishadi. Qidirib-qidirib shunchalik arzon ko‘ylaklar topishadiki, o‘ylab ham o‘tirishmasdan, bemalol o‘nlab, yana ham ko‘proq sotib olishadi. Sotayotgan “ishbilarmon”lar xaridorlarning ko‘ylaklarning sifatini tekshirib ko‘rishlariga yo‘l qo‘yishmaydi. Agar ochib ko‘rishni xohlashsa, pulini avvaldan to‘lashlarini va sotib olingach, qaytarib bermasliklarini shart qilib qo‘yishadi. Xaridor bu yerda bir gap borligini bilsa-da ko‘ylaklarni sotib oladi va uyga borgach, ochib ham ko‘rmaydi. To‘y kuni bu sovg‘alar tarqatiladi. Hadya olgan kishi uyiga borib ochib ko‘rgach, kimdan xafa bo‘lishni bilmay qoladi. Chunki ko‘ylak na biror kishining qomatiga to‘g‘ri keladi, na kiyishga, na biron kishiga berishga yaraydi, matosi ham “haligidaqa”. Bu katta qalloblik kimdan chiqqanini bilmay, tushunolmay xunob bo‘ladi.

Bu yerda na ishlab chiqaruvchi, na savdogar, na sotib oluvchi baraka topmaydi. Chunki baraka Allohdan, Allohni esa aldab bo‘lmaydi. Gap savdo haqida ketayotgani uchun bu mojarolarda ko‘proq savdogarni ayblash mumkin. Chunki u shunaqa kazzob ishlab chiqaruvchining mahsulotlarini nafaqat sotib olmasligi, balki uni insofga chaqirishi kerak. Chunki bunday qalloblik mahsulotlarini sotib olayotganlar birinchi bo‘lib sotuvchidan norozi bo‘lishadi. Kiyib ko‘rmoqchchi bo‘lganlar sovg‘a qilganlardan xafa bo‘lishadi. Noiloj qo‘l siltab qo‘ya qolishadi. Agar savdogar ishlab chiqaruvchiga tanbeh bersa va sotib olmasa, ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotini sota olmaydi va “ko‘zi ochiladi”.

Har xil maishiy texnika, mashina, mototsikl va asbob uskunalar savdosi bilan shug‘ullanadiganlar haqida ham shunday gaplarni aytish mumkin.
 
Rahmatulloh Sayfuddinov,
Toshkent shahridagi “Mirza Yusuf” jome'
masjidi imom xatibi
Manba: mehrob.uz

Ko‘proq yangiliklar: