2015 yil va 2016 yilning 6 oyi davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat va boshqa davlat organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan 12 mingdan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlanib, 1200 dan ortiq mansabdor shaxslar ma'muriy yoki intizomiy javobgarlikka tortildi, 250 dan ortiq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Buning natijasida 9350 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bosh prokuratura tashabbusi bilan manfaatdor vazirlik, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tadbirkorlik sub'yektlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tashkil etilgan videokonferensiya mazkur sohaga doir qonunchilik ijrosini yanada samarali ta'minlash masalasiga bag‘ishlandi.
Ta'kidlanganidek, Bosh prokuraturada Murojaatlarni tunu kun telefon orqali qabul qilish markazi tashkil etilgan bo‘lib, 34 ta vazirlik va idora bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatilgan. Murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan elektron nazorat tizimi joriy qilingan.
Markazning o‘tgan davrdagi faoliyati davomida qabul qilingan murojaatlarning 64 mingdan ortig‘i hal etilib, natijasi bo‘yicha 330 ta noqonuniy qarorga nisbatan protestlar keltirildi, qonunbuzilishlar va ularning sabablarini bartaraf etish haqida 364 ta taqdimnoma hamda sudlarga 23,4 mlrd. so‘mni undirish yuzasidan da'vo arizalar kiritildi. Qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan 886 nafar shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortildi, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 402 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Videokonferensiyada mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan mingga yaqin tadbirkor ishtirok etib, ularni qiziqtirayotgan masalalar bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.