OAV: Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin 2 vertolyot va 25 harbiy bedarak yo‘qoldi

Jahon 15:45 / 19.07.2016 5167

Turkiyada 2 harbiy vertolyot va 25 nafar maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan jangchini qidirish ishlari olib borilmoqda. Qidiruvdagi harbiylar 15 iyul kuni kechasi Turkiya prezidenti tunayotgan Marmarisdagi mehmonxonaga hujum qilgan jangchilar bo‘lgan.

Hürriyet gazetasining yozishicha, 2 vertolyot harbiy davlat to‘ntarishiga urinish boshlanganida Marmarisga uchib ketgandi.

"Vertolyotlar noma'lum nuqtada qo‘ngan va shundan beri bedarak ketgan", deb yozgan jurnalist Abdulkadir Selvi.

Uning ma'lumotiga ko‘ra, vertolyotlarda 25 nafar jangchi bo‘lgan, ular Erdo‘g‘anni qo‘lga olish amaliyotida ishtirok etishi belgilangandi. Lekin urinish muvaffaqiyatsiz chiqqach, ular noma'lum joyga yashirinishgan. 

"O‘rmon hududida yo‘qolgan 2 vertolyot va 25 jangchi hanuzgacha topilmadi", deyilgan xabarda.

Erdo‘g‘an CNN telekanali efirida agar Marmaris shahridagi mehmonxonada yana 10—15 daqiqaga ushlanib qolganida, harbiy to‘ntarish vaqtida uni o‘ldirgan bo‘lishlarini aytdi. 

Bundan oldinroq CNN Turk telekanali Marmarisga hujum qilgan 25 harbiydan 21 nafari ozodlikda ekani haqida ma'lumot tarqatgandi. 

16 iyulga o‘tar kechasi harbiylar Turkiyadagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga urinib ko‘rdi. Mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa o‘z tarafdorlarini ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. Tongga yaqin Turkiya hukumati mamlakatdagi vaziyat nazorat ostiga olinganini ma'lum qildi. Isyonchilarni qo‘lga olish ishlari davom etmoqda.

Shu vaqtgacha isyonga aloqadorligi gumon qilinib 7500dan ortiq kishi qo‘lga olindi.

To‘qnashuvlar vaqtida halok bo‘lganlar soni 290 nafardan ortgan, 2 mingga yaqin kishi jarohatlangan.

Turkiya hukumati isyon AQShdagi muxolifatlar yetakchisi Fathulloh Gulen tomonidan tashkillashtirilganini iddao qilmoqda. Gulenning o‘zi bu ayblovni rad etgan.

Ko‘proq yangiliklar: