Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an davlat to‘ntarishiga urinish boshlangan vaqtda smartfonlar uchun mobil dastur Facetime orqali xalqqa murojaat qilganiga izoh berdi.
"Men telejurnalistlarni va boshqa OAV vakillarini chaqirishni hamda turkiyaliklarga ekran orqali murojaat qilishni istagandim. Lekin odamlar uyda milliy telekompaniyalarni kuzatish imkoniga ega emasdi. Shunda biz "B rejasi"dan foydalanishga qaror qildik. Smartfonlar va bir qator xususiy telekanallardan foydalandik", degan prezident CNN uchun bergan intervyusida.
U shuningdek isyon vaqtida oilasi bilan Marmarisda bo‘lgani, agar mehmonxonada yana 10—15 daqiqaga ushlanib qolganida, harbiy to‘ntarish vaqtida uni o‘ldirgan bo‘lishlarini aytgan.
«O‘n beshinchi sanada men Marmarisda edim, bizda besh kunlik ta'til edi. Taxminan kechki o‘nda menga yangilikni aytishdi, nima bo‘layotganidan xabardor qilishdi», dedi u.
Erdo‘g‘an Marmaris kurort shahridagi mehmonxonani tark etgach, yarim soatdan keyin u yerga davlat to‘ntarishi tarafdorlari bo‘lgan harbiylar yetib kelgan edi.
15 iyul oqshomida Turkiyada to‘ntarishga urinish yuz berdi. Harbiylar mamlakatdagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olganini e'lon qilishdi.
Rajab Toyib Erdo‘g‘an FaceTime orqali aloqaga chiqib, hali ham qurolli kuchlarning bosh qo‘mondoni ekanini ma'lum qildi va odamlarni maydonlarga chiqishga chaqirdi.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar vaqtida 208 nafar fuqaro halok bo‘ldi, 100 nafar isyonchi o‘ldirildi, 1,5 mingga yaqin kishi esa jarohatlandi.