O‘zbekiston milliy terma jamoasi “Borussiya D” yoshlar jamoasini yenga olmadi

Sport 15:56 / 18.07.2016 8017

O‘zbekiston futbol federatsiyasi sayti xabar berishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni vaqtda Avstriyada 2018 yilgi Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rmoqda va o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazmoqda.

Federatsiya sayti xabarida aytilishicha, ushbu o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida Samvel Babayan qo‘li ostidagi jamoa “Borussiya Dortmund” klubining 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchichlaridan tashkil topgan jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan va durang natija qayd etgan.

Saytda yozilishicha, ushbu uchrashuv 17 iyul kuni bo‘lib o‘tgan va o‘yinda o‘zbekistonliklarning goliga Eldor Shomurodov mualliflik qilgan. Dortmundliklar ham bir bora Nesterov qo‘riqlagan darvozani ishg‘ol qilgani aytilgan. Gollar o‘yinning qaysi daqiqalarida urilgani keltirilmagan. Hisob 1:1 bo‘lib turgan bir vaqtda, Jamshid Iskanderov 11 metrlik jarima to‘pini golga aylantira olmagani qo‘shimcha qilingan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Avstriyadagi yig‘ini 6 iyul kuni boshlangani va u 21 iyulga qadar davom etishi ma'lum qilingan.

Saytda bundan oldinroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2018 uchinchi saralash bosqichi arafasida Iroq hamda Yaman terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish borasida kelishuvga erishgani haqida xabarlar berilgandi. Iroq bilan o‘tkaziladigan nazorat uchrashuvi 24 iyul kuni, Toshketdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Yamanga qarshi kechadigan nazorat o‘yini esa 24 avgustga belgilangan. Ushbu o‘yin ham “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Har ikki uchrashuv Toshkent vaqti bilan 19:00da boshlanishi aytilgan.

O‘rtoqlik uchrashuvi
17.07.2016, Avstriya.
O‘zbekiston – “Borussiya Dortmund” U-23 1:1
O‘zbekiston: Ignatiy Nesterov (Eldor Suyunov), Stanislav Andreyev (Aleksandr Merzlyakov), Azim Ahmedov, Kamoliddin Tojiyev (Ruslan Melzitdinov), Davron Xoshimov (Akmal Shorahmedov), Salamat Qutiboyev (Javohir Sohibov), Otabek Shukurov, Jasur Hasanov (Akrom Komilov), Marat Bikmayev (Sherzod Karimov), Jamshid Iskanderov (Doston Hamdamov), Eldor Shomurodov (Murodbek Bobojonov)

Ko‘proq yangiliklar: