Turkiyadagi to‘ntaruvni qo‘llab-quvvatlagan F-16 qiruvchi samolyotlarining ikki uchuvchisi Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an samolyoti va unga hamrohlik qilgan ikkita F-16 samolyotini nishonga olib turganlar, biroq hujum qilmaganlar, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Manba ma'lumotlariga ko‘ra, bu voqea Erdo‘g‘an samolyotida Marmaris kurort shahridan Istanbulga qaytayotganida yuz bergan.
"Kamida ikkita F-16 samolyoti havoda Erdo‘g‘anning samolyotini Istanbulga yo‘lda taqib qilgan. Ular Erdo‘g‘an va uni himoya qilib borgan ikkita F-16 samolyotini nishonda ushlashgan", deb agentlikka ma'lum qildi vaziyatdan xabardor turk harbiysi.
Uning ta'kidlashicha, isyonchlar nima uchun otishmagani unga jumboq bo‘lib qolmoqda. Yuqori lavozimdagi turk mansabdor shaxslaridan biri bu ma'lumotni tasdiqladi.
Boshqa mansabdor shaxs prezident samolyotida "osmonda muammo bo‘lganini" aytgan, biroq tafsilotlarni keltirmagan.
Turkiyada to‘ntaruv boshlanganda Erdo‘g‘an Marmarisda bo‘lgan. U bo‘layotgan voqealardan xabar topgach, Istanbulga samolyotida yo‘l olgan. Erdo‘g‘an Otaturk nomidagi aeroportga kelgach, tarafdorlari bilan uchrashgan.