Bugunga kelib, Turkiyadagi davlat to‘ntaruvi harakati qurbonlarining soni 208 nafarni tashkil qilmoqda, taxminan 1,5 ming kishi turli jarohatlar olgan. 18 iyul kuni Anqarada Vazirlar mahkamasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tganidan so‘ng Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim shu haqida ma'lum qildi.
“Davlat to‘ntaruvi harakati natijasida 208 nafar kishi halok bo‘ldi, ulardan 60 nafari politsiya xodimi, 3 nafari harbiy xizmatchi va 145 nafari tinch aholi vakillari bo‘lgan. Ushbu raqamlar ko‘payishi mumkin”, - deb ta'kidladi u.
Shuningdek Yildirim isyonni qo‘zg‘atgan 24 nafar tashkilotchining o‘ldirilganligini ham ma'lum qildi, yana 50 nafari jarohat olgan.
“Harbiy to‘ntaruv harakatining ishtirokchilariga nisbatan 2 745 ta jinoiy ishi ochildi”, - dedi u.
Bundan avval hukumat rahbari 7 543 nafar isyonkorlarning qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar qilgandi. Ularning 100 nafari politsiya xodimi, 6038 nafari harbiy xizmatchi, 755 nafari sudya va prokuror, 650 nafari oddiy xalq vakili bo‘lgan.