Turkiyada harbiy to‘ntarishga urinishda isyonchilarning yetakchisi sifatida qo‘lga olingan, Turkiya Harbiy-havo kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni general Oqin O‘zturk o‘z aybiga iqror bo‘ldi. Bu haqda Anadolu davlat axborot agentligi xabar tarqatdi.
O‘zturk 2015 yilning avgustiga qadar Turkiya Harbiy-havo kuchlari bosh qo‘mondoni vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. U lavozimidan ketgach ham Turkiya Oliy harbiy kengashi a'zosi bo‘lib qolgandi.
O‘zturk muxolifatchi Fathulloh Gulen bilan aloqador bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan. Ayni vaqtda AQShda istiqomat qilayotgan Fathulloh Gulen Turkiya hukumati tomonidan harbiy to‘ntarish tashkilotchisi sifatida ko‘rilmoqda.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinishga aloqadorlikda gumon qilinib, 112 general va admiral qo‘lga olindi, ulardan 50 nafari hibs qilingan, qolganlarini tergov qilish ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish sodir etildi. Urinish muvaffaqiyatsizlikka uchradi, 16 iyul kuni isyon bostirilgani ma'lum qilindi. Turkiya bosh vaziri to‘qnashuvlar vaqtida 290 kishi halok bo‘lgani, 1400 kishi jarohatlanganini ma'lum qilgan.
Bundan oldinroq, Turkiya politsiyasi NATO va AQSh harbiy-havo kuchlarining Turkiya janubidagi Injirlik harbiy bazasida tekshiruv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.