O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari, Qozog‘istonning Olmaota shahrida yuz bergan otishmalardan so‘ng, aeroportlar va chegaralardagi xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda.
Xususan, Tojikiston prezidenti Emomali Raxmon huquq-tartibot va maxsus kuchlar rahbarlari bilan muloqot o‘tkazgan, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari qaroriga binoan, Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va boshqa huquq-tartibot organlari mamlakat aeroportlari va havo kemalaridagi xavfsizlikni ta'minlash borasida qo‘shimcha choralar ko‘radi.
Olmaotadagi voqealardan so‘ng, O‘zbekiston chegarachilari o‘zbek-qozoq chegaralarini jiddiy nazorat ostiga olgan. Milliy xavfsizlik xizmatining davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasiga ko‘ra, chegarachilar bu kabi voqealarda belgilangan tartib bo‘yicha faoliyat yuritadi. Ular, ikki mamlakat o‘rtasidagi 2 ming kmni tashkil etuvchi umumiy chegaralar bo‘ylab jiddiy nazorat olib boradi.