O‘zbekiston milliy terma jamoasi “Devis kubogi”ning Osiyo-Okeaniya mintaqasi birinchi guruh ikkinchi bosqich uchrashuvida Xitoy vakillarini 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu g‘alabadan keyin O‘zbekiston terma jamoasi jahon ligasining pley-off bahsida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida o‘tgan musobaqaning yakkaliklar o‘rtasidagi dastlabki kungi bahslarida Denis Istomin Di Vuni 6:4, 6:4, 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ikkinchi uchrashuvda Farrux Do‘stov Ze Jangga 6:1, 4:6, 4:6, 2:6 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
Qoidaga binoan musobaqaning ikkinchi kunida juftliklar bahsi o‘tkazildi. Unda Denis Istomin va Farrux Do‘stov juftligi Chjye Li hamda Mao Xing Gongga qarshi kortga chiqdi. Keskin kurashlarga boy o‘tgan uchrashuvda o‘zbekistonlik sportchilar 6:4, 3:6, 6:3, 6:4 hisobida g‘alaba qozondi.
“Devis kubogi”ning so‘nggi kunida Denis Istomin Ze Jangga qarshi kortga chiqdi. Besh set davom etgan o‘yinda Denisga omad yetishmadi. So‘nggi hal qiluvchi uchrashuvda Farrux Do‘stov Di Vuni mag‘lubiyatga uchratdi.