Ozarbayjon sanoati taraqqiy etgan industrial mamlakat bo‘lib, iqtisodiyotida neft va gaz, neftni qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik, tog‘-kon sanoati va rangli metallurgiya katta o‘rin tutadi. Ozarbayjon iqtisodiyotida neft tarmog‘i yetakchi o‘rinlardan birini egallab keladi. Ammo so‘nggi vaqtlarda neft tarmog‘idan boshqa sohalarni rivojlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida bu borada ma'lum yutuqlar qo‘lga kiritildi. Hukumat oldida turgan muhim vazifalardan biri iqtisodiyotning neftga bo‘lgan qaramliligini bartaraf etib, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan mintaqalarni rivojlantirishdan iboratdir. Ayni damda qishloq xo‘jaligi neft va qurilish tarmoqlaridan so‘ng uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Ozarbayjon qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotining tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, uning hissasiga yalpi ichki mahsulotining 5,7 foizi to‘g‘ri keladi. Neftdan boshqa tarmoqlarning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi yil sayin ortib bormoqda. Bu, o‘z navbatida, Ozarbayjonning xalqaro maydondagi obro‘sining yanada ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Biroq jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqiroz, jumladan, neft narxining keskin tushib ketgani Ozarbayjon makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorligiga qisman bo‘lsa-da ta'sir ko‘rsatgani aniq. Shu sababli respublika rahbariyati dunyodagi global iqtisodiy inqirozlarning respublika iqtisodiyotiga ta'sirini kamaytirish, global tahdidlarning oldini olish va unga moslashish maqsadida bir qator chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Mana shu maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida iqtisodiy inqiroz chuqur tahlil qilinmoqda, keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Makroiqtisodiy barqarorlikni ushlab turish va milliy iqtisodiyotni raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga moslashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Respublika iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘lida sarmoyaviy muhitni yaratish yo‘lida bir qator ishlar hayotga tatbiq etilmoqda. Buning uchun tadbirkorlarning o‘z huquqlarini himoya qilishlari, bank tizimi ishonchliligini ta'minlash borasida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Neft narxining o‘zgarib borayotgani Ozarbayjonni bezovta qilmasdan qolmaydi. Prezident Ilhom Aliyev Osiyo Taraqqiyot banki Kengashining yig‘ilishida so‘zlagan nutqida narxlarning o‘zgarishi Ozarbayjon uchun chaqiriq ekanini bildirdi. Ayni damda hukumat Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaror qildi. Kelajakda mamlakat aholini 100 foiz Ozarbayjonning o‘zida yetishtiriladigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta'minlashni rejalashtirgan.
Makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Ozarbayjonda Moliyaviy Barqarorlik Kengashi tashkil etiladigan bo‘ldi. Bu boradagi farmon juma kuni respublika prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan imzolandi.
Moliyaviy Barqarorlik Kengashiga bosh vazir Artur Rasizade raislik qiladi. Kengash a'zoligiga prezidentning iqtisodiy islohotlar bo‘yicha maslahatchisi Natig Amirov, moliya vaziri Samir Sharifov, iqtisodiyot vaziri Shaxin Mustafayev, Markaziy bank raisi Elman Rustamov, Moliyaviy bozorlar ustidan nazorat palatasi direktorlar kengashining raisi Rufat Aslanli va Davlat neft jamg‘armasi (SOFAZ) ijrochi direktori Shaxmar Movsumov kiritildi.
Kengash kotibiyatini shakllantirish Markaziy bankka yuklatildi. Endilikda bir oy mobaynida mazkur Kengash moliya-kredit tarmog‘idagi vaziyatni tahlil qilishi kerak. Shuningdek, xalqaro tajriba va standartlar asosida qonunchilik bazasini ekspertiza qiladi. Takliflar keyinchalik mamlakat prezidentiga taqdim qilinadi. Kengash makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta'minlash maqsadida muntazam ravishda tadbirlar o‘tkazib turishi belgilab qo‘yildi. Prezident farmonida tadbirlarni o‘tkazishda mahalliy va xorijiy mutaxassislar, tahlilchilar, xalqaro tashkilotlar va korxonalar, ilmiy muassasalar ham jalb qilinishi, ishchi guruhlari tashkil etilishi ta'kidlanadi.
Sharofiddin To‘laganov