Qozog‘iston respublikasi Antiterror markazi Olmaota shahrida o‘tkazilgan aksilterror amaliyot yakunlangani haqida xabar berdi.
Bugun, 18 iyul kunining birinchi yarmida Qozog‘istonning janubiy poytaxti hisoblanadigan Olmaota shahri markazidagi Almali tumani IIB binosi hamda MXX departamenti binosiga qurolli shaxslar tomonidan uyushtirilgan hujum tufayli mamlakatda terrorchilikning eng yuqori — "qizil" darajasi e'lon qilingan edi. Shaharda kun davomida aksilterror amaliyoti o‘tkazildi. Amaliyot davomida otishma ijrochilari bo‘lgan ikki kishi hibsga olindi.
"Ayni vaqtda shaharda barqaror holat hukm surmoqda. Vaziyat huquq tartibot organlari nazorati ostida. Shaharning turli tumanlarida otishmalar davom etgani haqidagi xabarlar asossiz", deyilgan IIV xabarida.
"Terrorchilarga qarshi o‘tkazilgan amaliyot yakunlangani munosabati bilan Olmaotadagi terrorchilik xavfining "qizil" darajasi mo‘'tadil(sariq)ga o‘zgartirildi", deyilgan Qozog‘iston Xavfsizlik qo‘mitasi rasmiy xabarida.
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishida Olmaotada ro‘y bergan otishmani terrorchilik akti sifatida baholadi.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Olmaotadagi otishmalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 5 kishiga yetdi. Shuningdek, 8 kishi jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan.