Bugun Olmaotada yuz bergan otishmalar bilan bir vaqtda texnik muammolar va profilaktika ishlari tufayli ishlamay qolgan Qozog‘istondagi telekanallar faoliyati tiklandi. Ayni vaqtda telekanallar Olmaotada o‘tkazilayotgan aksilterror amaliyotlarni yoritmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Axborot va kommunikatsiya vaziri Arsen Bektasov TASS muxbiriga ma'lum qilgan. U 24 soat davomida ishlovchi "24.kz" respublika telekanali faoliyati ham to‘la tiklangani haqida aytgan.
"Tayyorgarlikdan o‘tgan barcha telekanallar, shu jumladan radiostansiyalar efirga chiqdi", degan u.
Olmaota shahrida ayni vaqtda Almali IIB binosi yaqinida Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi departamentiga hujum uyushtirilishi bo‘yicha aksilterror amaliyot davom etmoqda. Shaharda terrorchilik xavfining eng yuqori darajasi joriy qilingan. Shu munosabat bilan shaharda banklar, ulkan savdo markazlari hamda ko‘ngilochar majmualari ishlamayapti. Shuningdek, shahardagi barcha qurol do‘konlari yopilgan.
Jamoat transportida ham xavfsizlikni ta'minlash choralari kuchaytirilgan. Olmaota metropoliteni bekatlarida politsiyachilar navbatchilik qilmoqda va barcha yo‘lovchilar tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Aeroport va vokzallar shtat rejimida ishlamoqda.
Shaharda internet ishlashi tezligi yaxshilangan.
Bundan oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda saytlarga kirishda muammolar bo‘layotgani haqida fikrlar bildirilgandi. Vazirlik buni foydalanuvchilarning haddan tashqari ko‘p tashrifi saytlarning ishlashida muammolarni paydo qilgani bilan izohlagan.