Qon bosimi o‘lchanganda, raqamlar 105/70 ko‘rsatkichidan past darajani ko‘rsatsa, bu - gipotoniya (ilmiy tilda - gipotenziya) deb ataladi. Uning alomatlari – bosh aylanishi hamda og‘rishi, ko‘ngil aynishi, umumiy holsizlik.
1. Shunday insonlar borki, ularda past qon bosimi vegetativ asab tizimiga xos tug‘ma xususiyat hisoblanadi. Bu odatda astenik tipdagi kishilarda ( biroz nimjon, teri rangi och bo‘lgan kishilar)
kuzatiladi , ular aholining taxminan 7 foizini tashkil qiladi. Bunday insonlar juda bardoshli va ishchanligi bilan ajralib turmaydi, lekin faol hayot tarzi olib borishadi va qon bosimi past ekanini sezishmaydi, biroq ularning qon bosimi ko‘pchilik uchun me'yor hisoblangan (120/80 ) ko‘rsatkichga ko‘tarilsa, ahvoli og‘irlashadi.
2. Past qon bosimi ko‘pincha yurak sohasidagi yetishmovchilik belgisi hisoblanadi. Bunda qon yaxshi aylanmaydi hamda tomirlar bo‘shashadi. Bunday holatlar yurakning yallig‘lanish – endo va miokarditlar fonida yuzaga keladi, bu esa ko‘pincha angina va tumov asorati bo‘ladi. Yurak sohasidagi buzilishlarga EKG jarayonida oydinlik kiritish mumkin.
3. Tomir distoniyasi, bunday holatga ikki xil omil sabab bo‘ladi: simpatoadrenal va parasimpatik (atsetilxolin). Psixiatrlar bu borada “Insonning joni yurakda emas, buyrakda” deb hazillashishadi, axir stress gormonlari buyrak ustida ishlab chiqiladi-da!
- Adrenalin (“tajovuzkor gormon”) insonni jonlantiradi, qon bosimini oshiradi, terlatadi, disforiyani keltirib chiqaradi, tajovuzkorlikni oshiradi.
- Atsetilxolin (“zaiflik gormoni”), aksincha, qon bosimini tushiradi, sovuq ter chiqaradi, yoqimsiz zaiflik, siqilish va chorasizlikni keltirib chiqaradi.
- Ba'zi insonlarda aralash belgilar kuzatiladi, ya'ni atsetilxolin va adrenalin reaksiyalar ketma-ket almashadi. Bu qon bosimining o‘ynashiga olib keladi, inson bir isib, bir sovqotib, tushunarsiz ahvolga tushadi, - deydi psixiatr, psixoterapevt, psixosomatika bo‘yicha mutaxassis Anatoliy German.
4. Qon bosimining pasayishi ba'zi dori vositalarining aks ta'siri bo‘lishi ham mumkin. Qon bosimini tushiradigan dori vositalari:
- yurak dorilari (nitroglitserin vositalari, beta-adrenoblokatorlar);
- katta dozadagi antibiotiklar;
- og‘riq qoldiruvchi dori vositalari;
- oddiy tinchlantiruvchi dori vositalarining (korvalol, valokordin, turli giyohli damlamalar) katta dozalarda ichilishi. Valeryanka nisbatan yengil ta'sir ko‘rsatadi.
5. Oshqozon yarasi va pankreatit xuruj qilganda, qon bosimi birdaniga tushib ketishi mumkin. Bunday holatda odatda oshqozon sohasidagi og‘riqdan tashqari umumiy holsizlik va sovuq ter kuzatiladi. Bu simptomatik gipotoniya bo‘lib, oshqozonni tuzatishingiz bilan qon bosimingiz me'yorga qaytadi. Shuningdek har qanday qon ketishida ham qon bosimi pasayadi.
6. Gipotoniya ko‘pincha depressiyaning ba'zi ko‘rinishlarini o‘zida namoyon qiladi:
- astenik – ruhiy tushkunlik. Bunda inson o‘zini juda charchagan his qiladi va bu uning tashqi ko‘rinishida ham aks etadi, hattoki keskin ozib ketishgacha olib keladi.
- apatik. Bunday kishilar atrofdagi narsa va hodisalarga mutlaqo befarq bo‘lib, hech nima qilishni istashmaydi, ularni xursand ham, xafa ham qilib bo‘lmaydi.
- angedonik. Bu - quvonch hissini yo‘qotish, his-tuyg‘ulardan toliqish.
Buyuk imperatorlar va omadli ishbilarmonlarning depressiyasi.
7. Sog‘lom kishilar tomirlarning kengayishi bilan bog‘liq tibbiy muolajalar olganda, hammom yoki saunaga kirganda, issiqlik vannalarini qabul qilganda, qon bosimi keskin tushib ketish ehtimoli bor. Bug‘li xonalarda 5-7 daqiqadan ortiq turish tavsiya qilinmaydi. Shuningdek hammomga kirayotganda yoki undan chiqqandan keyin spirtli ichimlik ichish mutlaqo taqiqlanadi.