Rasmiy Vashington Turkiya hukumatidan Fatxulloh Gulenni ekstraditsiya qilish bo‘yicha rasmiy so‘rovnoma olmagan. AQSh davlat kotibi Jon Kerri YeI mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari bilan o‘tkazgan amaliy nonushtasi chog‘ida shunday bayonot bergan.
"Biz Turkiyadan ekstraditsiya bo‘yicha bironta rasmiy so‘rov olganimiz yo‘q", - degan Kerri jurnalistlar savoliga javob berar ekan.
"Albatta, shu mazmundagi so‘rov kelsa, u Turkiya va AQSh o‘rtasidagi kelishuvga binoan atroflicha o‘rganiladi. Biroq, ularda dalillar bo‘lishi kerak, shunchaki bayonotlar emas", - deya ta'kidlagan Kerri.
2016 yil 16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyadagi harbiy isyonchilar davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinishdi. Asosiy qarama-qarshilik Istanbul va Anqara shaharlarida yuz berdi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 190dan ortiq tinch aholi vakili qurbon bo‘lgan, 100dan ziyod isyonchi o‘ldirilgan. 1,4 mingdan ortiq inson yaralangan.
Shu bilan birga, Kerrining uqdirishicha, rasmiy Anqara harbiy isyondan keyin tartibni ta'minlashda "haddidan oshmasligi lozim".